14:08, Sentabr 18, 2026
/
4,7 тыс

Pedagoglar farzandlariga kontrakt uchun 30 foiz chegirma beriladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma beriladi. Bu tartib Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 501-son qarori bilan belgilandi.

Kimlarga tatbiq etiladi?

Chegirma:

– davlat oliy ta’lim tashkilotlarida;
– bakalavriat bosqichida;
– kunduzgi ta’lim shaklida;
– to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga beriladi.

Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMida kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, 30 foizlik chegirma ularning har biriga alohida qo‘llaniladi.

Masalan, pedagogning ikki farzandi davlat OTMida kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, chegirma ikkala farzand uchun ham qo‘llanishi mumkin.

Qaysi holatlarda chegirma berilmaydi?

30 foizlik chegirma quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

– oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida;
– O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar va ularning filiallarida;
– qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida;
– xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarida;
– nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalarga.

Qanday olish mumkin?

Pedagog farzandi kontrakt shartnomasini olish uchun kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.

Ariza ko‘rib chiqilganda, talabaning pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tekshiriladi.

Ma’lumotlar tasdiqlansa, 30 foizlik chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi.

Ariza 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Chegirma qancha muddat amal qiladi?

Chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marta qo‘llaniladi.

Shuningdek, pedagogning otasi yoki onasi keyinchalik pedagog toifasidan chiqarilsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari