Rasman: bundan buyon magistratura 2 turga bo‘linadi

Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriat negizida o‘qitish kamida bir yil davom etadigan oliy ta’lim bosqichi hisoblanadi. Magistraturada o‘qish davomiyligi mutaxassisliklarning xususiyatidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida magistratura bosqichi butunlay yangicha formatga o‘tkaziladi. Unga ko‘ra, kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari o‘z xususiyatidan kelib chiqib ikki xil muddat va shaklda tashkil etiladi:
Ishlab chiqarish (amaliy) yo‘nalishi – o‘qish muddati kamida 1 yil etib belgilanadi. Bunda magistraturada tahsil olayotgan talabalar mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g‘oyasi, amaliy-ijodiy asar va boshqa turdagi ishlardan birini tayyorlab, uni himoya qiladi. Loyihalar ishlab chiqarishdagi amalda mavjud muammolar yechimiga qaratilgan bo‘lishi shart. Ularni himoya qilish tartibi mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkilotining mutaxassislik kafedrasi tomonidan belgilanadi hamda oliy ta’lim tashkiloti Kengashi tomonidan yangi o‘quv yili boshlangunga qadar tasdiqlanadi.
Ilmiy-pedagogik yo‘nalish – o‘qish muddati kamida 2 yil etib belgilanadi. Mazkur yo‘nalishda talabalar magistrlik dissertatsiyasi tayyorlab, uni himoya qiladilar.
Bundan tashqari, magistratura talabalarining ilm-fan bilan shug‘ullanishga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida yangi rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, o‘qish davrida nufuzli Scopus hamda Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiruvchi jurnallarda o‘z ilmiy maqolalarini e’lon qilgan magistrantlar belgilangan tartibda moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirib boriladi.