$1500 ga SAT olib berishni va’da qilgan talabalar ushlandi (video)

Toshkent viloyatida fuqarolarga xalqaro SAT sertifikatini noqonuniy tarzda olib berish bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida guruhning faoliyati fosh etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolarining aksariyati Yevropadagi nufuzli universitetning Toshkent shahridagi filiali talabalari bo‘lgan. Yana bir gumonlanuvchi Osiyodagi yetakchi davlatlardan biridagi oliy ta’lim muassasasining poytaxtimizdagi filiali talabasi ekani aniqlangan.
Ular qanday ishlagan?
Guruh Yangihayot tumanidagi xususiy maktab binosida maxsus “bunker” tashkil qilgan. IT sohasiga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat mutaxassisi yashirin ravishda tizimga kirib, test savollarini yechish imkoniyatini yaratgan. Shundan so‘ng guruh a’zolari masofadan turib, SAT imtihonini topshirayotgan talabgorlar o‘rniga matematika va ingliz tili bo‘yicha test savollarini yechishgan. Buning evaziga fuqarolardan katta miqdorda pul talab qilingan.
Xususan, guruh a’zolaridan biri SAT sertifikatini noqonuniy tarzda olib berish uchun 5 nafar fuqarodan har biridan 1 500 AQSh dollaridan talab qilgan. Ulardan birining pulini kripto-hamyon orqali olishga ham ulgurgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Video
Ilmira Alizoda