Talabalar soxta vakansiyalar yordamida chuv tushirilmoqda

Rossiyada firibgarlar talabalarni soxta vakansiyalar orqali aldashning yangi usulini qo‘llamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda “matn teruvchi”, “marketplace moderatori”, “so‘rovnoma operatori” kabi masofaviy va qulay grafikdagi ishlar taklif qilinmoqda.
Keyin esa nomzod bilan masofaviy suhbat o‘tkazib, uni ishga qabul qilinganini aytishadi. Shundan so‘ng go‘yoki ishga kirishning majburiy sharti sifatida korporativ ish haqi kartasini havola orqali rasmiylashtirishni talab qilishadi.
Havola esa fishing saytiga olib boradi. U yerga shaxsiy ma’lumotlar va bank rekvizitlarini kiritish orqali firibgarlar hisobdagi mablag‘larni o‘g‘irlashi mumkin.
Bu kabi firibgarlikdan saqlanish uchun mutaxassislar quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
– Ish beruvchining yuridik shaxs ekanini shartnoma tuzishdan oldin tekshiring;
– Shubhali havolalar orqali bank ma’lumotlarini kiritmang;
– “Test o‘tkazmasi” yoki boshqa bahonalar bilan shaxsiy karta ma’lumotlarini bermang;
– Rasmiy ish beruvchi materiallar, ma’lumotlar bazasiga kirish yoki o‘quv kurslari uchun garov puli talab qilmasligini unutmang.
Dilnoza Zaripova