07:36, Sentabr 22, 2026
/
769

Milliy sertifikat imtihoni uchun “limit” qo‘yiladi – BMBA bayonot berdi

Kecha, 21-sentyabr kuni jtimoiy tarmoqlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan milliy sertifikat imtihonlariga hududlar kesimida cheklov (limit) qo‘yilayotgani, oqibatda abituriyentlar boshqa viloyatga borib imtihon topshirishga majbur bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Agentlik holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, limitlar haqiqatan ham borligini tasdiqladi.

Cheklov qo‘yilgani rost

Xabardan anglash mumkinki, tarmoqlarda tarqalgan e’tirozlar asosli. Agentlik o‘z munosabatida joriy yilning 29-iyulidagi Vazirlar Mahkamasining 411-son qaroriga asosan, test sinovlarini o‘tkazish joyi va muayyan hududlar bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soni qat’iy belgilanganini ma’lum qildi. Ya’ni, endilikda har bir viloyat uchun aniq kvotalar ajratiladi.

Nima sababdan bunday qarorga kelindi?

Rasmiy izohga ko‘ra, hududlar kesimida kvotalar belgilashdan maqsad — abituriyentlar sonini sun’iy qisqartirish emas. Tashkilotchilar buni hududlardagi mavjud infratuzilma (binolar sig‘imi, kompyuterlar va nazoratchilar soni) imkoniyatidan oqilona foydalanish va imtihonlarni texnik uzilishlarsiz, sifatli o‘tkazish maqsadi bilan izohlamoqda.

Joy yetmasa, abituriyentlar boshqa viloyatga borishga majburmi?

Garchi agentlik o‘z munosabatida bu jihatga ochiq to‘xtalib o‘tmagan bo‘lsa-da, amaldagi tizim shuni taqozo etmoqda. Agar abituriyent yashab turgan hududida ajratilgan o‘rinlar to‘lib qolsa, ro‘yxatdan o‘tish imkoni yopiladi. Natijada, talabgor bo‘sh joyi bor boshqa hududni tanlashiga (ya’ni qo‘shni viloyatga borishiga) yoki keyingi oydagi imtihonni kutishiga to‘g‘ri keladi.

Muqobil yechim: Imtihonlar soni oshirildi

Limit sababli abituriyentlar imkoniyatsiz qolib ketmasligi uchun joriy yilning ikkinchi yarmida imtihonlar soni ko‘paytirilgan. 2026-yilning sentyabr-dekabr oylarida:

  • Matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan – 2 martadan;
  • Huquqshunoslik fanidan – 1 marta (jami 15 ta imtihon) o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bu orqali yil oxirigacha jami 496 303 ta o‘rin ajratilishi ta’kidlangan (taqqoslash uchun: o‘tgan yilning shu davrida jami 11 ta imtihon o‘tkazilib, 255 mingga yaqin talabgor qatnashgan).

Xulosa o‘rnida: Sertifikat olishni rejalashtirgan abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayoni boshlanishi bilanoq tezroq o‘z hududlaridan joy band qilishni tavsiya qilamiz. Aks holda, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, boshqa viloyatga borishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari