Ichida 4 nafar talaba bo‘lgan “BMW” 23 metr balandlikdan qulab tushdi (video)

Hindistonning Mumbay shahrida ichida to‘rt nafar talaba bo‘lgan avtomobil estakadadan qulab tushishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi va bir kishi og‘ir tan jarohati oldi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, fojia yakshanba kuni tonggi soat 5:20 larda Mumbayning qirg‘oqbo‘yi yo‘lida (Coastal Road) sodir bo‘lgan. Katta, taxminan soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanayotgan “BMW” rusumli avtomobil haydovchisi yo‘lning burilish qismida boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada, mashina yo‘l chetidagi himoya to‘siqlarini buzib o‘tib, taxminan 23 metr balandlikdan pastdagi qurilish maydoniga qulagan.
Ushbu mudhish avtohalokat oqibatida Gujarot shtatidan Mumbayga ta’lim olish uchun kelgan uch nafar talaba: 17 yoshli Dhayrya Sheth, 19 yoshli Aditya Jakasania va mashinani boshqargan 21 yoshli Shanay Gajjar voqea joyida vafot etgan. Ularning yana bir hamrohi, 23 yoshli Aditya Osval esa ko‘p sonli og‘ir tan jarohatlari bilan mahalliy shifoxonalardan biriga yotqizilgan bo‘lib, hozirda shifokorlar jonlantirish bo’limida uning hayoti uchun kurashmoqda.
Politsiya va qutqaruvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil pastga qulaganda zarbaning o‘ta kuchliligi sababli barcha xavfsizlik yostiqchalari ochilgan, biroq bu ularning hayotini saqlab qolishga yordam bermagan. Hatto yo‘lovchilardan biri zarba kuchidan mashinadan taxminan 6 metr uzoqlikka uchib ketgan. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish vaqtida mashinani boshqargan haydovchining oyog‘i hamon gaz pedalini qisib turgan holatda topilgan. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari hududdagi kuzatuv kameralari yozuvlari asosida voqea sabablari yuzasidan tergov harakatlarini davom ettirmoqda.
Ra’no Nusratilloyeva