15:25, Sentabr 22, 2026
/
1,3 тыс

Hokimining o‘g‘li talabani mashinada urib yubordi

21 yoshli Pavlodar talabasi Talg‘at Yemel avtohalokatda ikki oyog‘idan ayrilgan. Hodisaga  Arys shahri amaldagi hokimi Qaysar Mankarayevning o‘g‘li sababchi bo‘lgan. Jabrlanuvchining oilasi uning qarindoshlari va mansabdor otasining mavqei ishning xolis tergov qilinishiga ta’sir qilishidan xavotirda. Bu haqida NewTimes.kz xabar berdi. 

YTH 2026-yil 29-may kuni Pavlodar trassasida sodir bo‘lgan. Sessiyadan so‘ng talaba Hyundai Tucson rusumli shaharlararo taksida Pavlodarga uyiga qaytayotgan bo‘lgan. Mashina yo‘l chetidagi metall to‘siqqa urilgan. Asosiy zarba orqa o‘rindiqda o‘tirgan talabaga tekkan.

YTH oqibatida talaba og‘ir jarohat olgan. Shifokorlar uning ikkala oyog‘ini chov sohasigacha amputatsiya qilishga majbur bo‘lgan.

Avtomobilni 22 yoshli Yerdaulet Zakirov boshqargan. Uning otasi Arys shahri hokimi Qaysar Mankarayev.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 345-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish oqibatida ehtiyotsizlik tufayli inson salomatligiga og‘ir zarar yetkazishni nazarda tutadi.

Jabrlanuvchining opasi haydovchi avval ham yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura haydovchini tergov hibsxonasiga yuborishni so‘ragan, biroq sud uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llagan.

Talabaning oilasi uning keyingi davolanishi va protezlari katta mablag‘ talab qilishini bildirgan. Qarindoshlarining aytishicha, haydovchining oilasi dastlab ayrim dori-darmonlar bilan yordam bergan va velosiped uchun 300 ming tenge (7 934 550 so‘m) to‘lagan. Keyinchalik esa ular bilan aloqa uzilgan.

Hozir Talg‘atning sog‘lig‘i og‘ir. Qarindoshlari katta qon yo‘qotish oqibatida uning buyrak faoliyati buzilgani, shuningdek yurak, qon bosimi va siydik-tanosil tizimida muammolar yuzaga kelganini aytmoqda. Gipoksiya va shok oqibatida xotirasida ham ayrim buzilishlar paydo bo‘lgan.

Talg‘atning ota-onasi o‘g‘liga qarash uchun Pavlodardagi ishlarini tashlab, Ostonaga ko‘chib kelgan.

Oila Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va sud organlariga murojaat qilib, ishni jamoatchilik nazoratiga olishni so‘ragan.

“Biz alohida munosabat so‘ramaymiz. Hech kimni oldindan hukm qilishni ham so‘ramaymiz. Faqat sudlanuvchining qarindoshlari lavozimi, aloqalari, familiyasi va mavqeidan qat’i nazar, qonun hamma uchun bir xil bo‘lishini istaymiz”,- deyiladi murojaatda.

Qarindoshlar, shuningdek, haydovchiga nisbatan uy qamog‘i qo‘llanishining qonuniyligi, uning Ekibastuzda ro‘yxatdan o‘tkazilishi, tergov jarayoni va hokimning xizmat mavqei tergovga ta’sir qilgan-qilmaganini tekshirishni so‘ragan.

Talg‘at 2-iyun kuni komadan chiqqan. 

Dilnoza Zaripova

Fikrlar (0)
Avval yangilari