08:42, Sentabr 24, 2026
/
434

Doktorantura: Siz bilgan va bilmagan ma’lumotlar

O‘zbekistonda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimida 42 088 nafar doktorant hamda 27 555 nafar tadqiqotchi faoliyat yuritmoqda.

Respublika bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayoniga jami 355 ta tashkilot jalb qilingan. Mazkur tashkilotlar mamlakatning 14 ta hududini qamrab olgan.

355 ta tashkilotning qariyb yarmi – OTMlar

Statistikaga ko‘ra, ilmiy kadrlar tayyorlashda ishtirok etayotgan tashkilotlarning:

– 46,2 foizi – oliy ta’lim muassasalari;

– 40,6 foizi – ilmiy-tadqiqot muassasalari;

– 13,2 foizi – boshqa tashkilotlar.

Son jihatidan esa 164 ta OTM, 145 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi va 46 ta boshqa tashkilot qayd etilgan.

Shundan 346 ta tashkilot tizimning faol foydalanuvchisi hisoblanadi.

Tadqiqotchilar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi

Hududlar kesimidagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tadqiqotchilarning eng katta qismi Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda.

Poytaxtda jami 11 230 nafar tadqiqotchi mavjud bo‘lib, ularning:

– 8 571 nafari OTMlarda;

– 2 659 nafari ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida 2 033 nafar, Buxoro viloyatida 1 784 nafar, Namangan viloyatida 1 698 nafar, Toshkent viloyatida esa 1 698 nafar tadqiqotchi qayd etilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 155 nafar, Surxondaryo viloyatida 1 126 nafar, Xorazm viloyatida 1 241 nafar, Andijon viloyatida 1 427 nafar tadqiqotchi faoliyat yuritmoqda.

Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 911 nafar, Sirdaryoda 677 nafar, Navoiyda esa 510 nafarni tashkil etadi.

Doktoranturaga hujjatlar qayerdan topshiriladi?

Oliy ta’limdan keyingi ta’limning tayanch doktorantura (PhD), doktorantura (DSc) va mustaqil izlanuvchanlik shakllariga hujjatlar elektron tarzda Oliy ta’limdan keyingi ta’limni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi – daraja.ilmiy.uz orqali topshiriladi.

Talabgor avvalo tizimda ro‘yxatdan o‘tadi, shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi va o‘ziga mos ta’lim shakli hamda ixtisoslikni tanlaydi.

Tizim orqali:

– talabgorning shaxsiy ma’lumotlari kiritiladi;

– ta’lim hujjatlari yuklanadi;

– tanlangan ixtisoslik va tashkilot belgilanadi;

– ilmiy maqola va tezislar biriktiriladi;

– zarur sertifikatlar yuklanadi;

– ariza elektron shaklda yuboriladi.

Muhim: barcha kerakli hujjatlar biriktirilgach, tizimdagi “Qoralama” holatidagi arizani yakuniy tarzda yuborish kerak.

Hujjatlar qabulining umumiy muddati 15-sentyabrdan 15-oktyabrgacha etib belgilangan.

PhD uchun qanday hujjatlar kerak?

Tayanch doktoranturaga talabgorlar quyidagi hujjatlarni tayyorlashi kerak:

– qisqacha biografik ma’lumotnoma yoki obyektivka/CV;

– magistratura diplomi va ilovasi;

– bakalavr diplomi va ilovasi;

– tegishli xorijiy til sertifikati;

– nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati va nusxalari;

– kamida 1 ta ilmiy maqola;

– kamida 2 ta ilmiy-amaliy konferensiya tezisi.

Ishlayotgan talabgorlardan mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi ham talab etiladi.

Hujjatlar elektron tizimga, odatda, PDF formatida yuklanadi. Yuklanadigan fayllarning hajmi 5 MBdan oshmasligi va hujjatlar aniq ko‘rinishda bo‘lishi lozim.

DSc uchun qanday hujjatlar kerak?

Doktoranturaga – DSc bosqichiga hujjat topshirayotgan talabgor:

– qisqacha biografik ma’lumotnoma;

– oliy ma’lumot, fan nomzodi yoki PhD diplomi;

– tadqiqot mavzusi bo‘yicha ilmiy ma’ruza;

– doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;

– nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati va nusxalarini taqdim etadi.

Tizimdagi amaldagi talablar bo‘yicha DSc uchun kamida 3 ta ilmiy maqola va 2 ta tezis mavjud bo‘lishi kerak.

Daraja.ilmiy.uz orqali qanday ro‘yxatdan o‘tiladi?

Doktoranturaga hujjat topshirish uchun talabgor daraja.ilmiy.uz elektron tizimiga kiradi.

Ro‘yxatdan o‘tish va hujjat topshirish jarayonida quyidagi ketma-ketlikdan foydalaniladi:

1. Tizimga kirish

Talabgor daraja.ilmiy.uz platformasiga kirib, shaxsiy kabinet yaratadi yoki tizimdagi mavjud avtorizatsiya orqali tizimga kiradi.

2. Shaxsiy ma’lumotlarni to‘ldirish

Talabgor o‘zi haqidagi zarur ma’lumotlarni kiritadi va profilini shakllantiradi.

3. Ta’lim ma’lumotlarini kiritish

Bakalavr va magistratura bosqichida olingan ta’lim haqidagi ma’lumotlar tegishli bo‘limlarga kiritiladi. Diplom va ilovalar elektron shaklda biriktiriladi.

4. Ta’lim shaklini tanlash

Talabgor o‘ziga mos yo‘nalishni, ya’ni tayanch doktorantura (PhD), doktorantura (DSc) yoki mustaqil izlanuvchanlik shaklini tanlaydi.

5. Tashkilot va ixtisoslikni tanlash

Tizim orqali hujjat topshiriladigan tashkilot hamda ilmiy ixtisoslik belgilanadi.

6. Ilmiy ishlarni yuklash

Talabgor o‘zining ilmiy maqolalari va konferensiyalarda chop etilgan tezislarini tizimga yuklaydi.

7. Sertifikat va qo‘shimcha hujjatlarni biriktirish

Xorijiy til sertifikati, mehnat daftarchasi va mavjud bo‘lsa, boshqa tegishli hujjatlar ham elektron shaklda biriktiriladi.

8. Arizani tekshirish va yuborish

Barcha ma’lumotlar va hujjatlar kiritilgach, ariza qayta tekshiriladi. Hujjatlar to‘liq biriktirilganidan so‘ng arizani “Qoralama” holatida qoldirib ketmasdan, yakuniy tarzda yuborish zarur.

Hujjat topshirishdan oldin buni unutmang

Hujjatlarni yuborishdan avval:

– barcha ma’lumotlarning to‘g‘ri kiritilganini;

– diplom va ilovalarning biriktirilganini;

– ilmiy maqola va tezislarning yuklanganini;

– sertifikatlarning mavjudligini;

– fayllar hajmi 5 MBdan oshmasligini;

– hujjatlarning o‘qiladigan va sifatli ekanini tekshiring.

Xorijiy davlatlarda olingan ta’lim hujjatlari esa tegishli tartibda tan olinganlik guvohnomasi bilan birga taqdim etiladi.

Shuningdek, talabgor hujjat topshirishdan oldin tizim orqali o‘ziga mos tashkilot va ilmiy ixtisoslikni aniqlab olishi mumkin.

15-oktyabrgacha ulgurish kerak

Bugungi kunda O‘zbekistonda 42 mingdan ortiq doktorant ilmiy izlanish olib bormoqda. Ilmiy faoliyatini davom ettirishni istagan talabgorlar esa doktorantura qabulida ishtirok etishlari mumkin.

Doktoranturaga hujjat topshirishni rejalashtirayotgan talabgorlar 15-oktyabrgacha daraja.ilmiy.uz elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, arizasini yuborishi lozim.


Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari