11:12, Sentabr 24, 2026
/
4,8 тыс

Talaba qizlar uchun tug‘ruq nafaqasi miqdori 4 baravarga oshdi

Rossiyada talabalar uchun tug‘ruq nafaqasining o‘rtacha miqdori yangi tartib joriy etilgach, qariyb 4 baravarga oshib, 96 ming rublni tashkil etdi. Bu haqida Rossiya Ijtimoiy jamg‘armasi ma’lum qildi.

Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tartibning birinchi yilida 15,6 ming nafar talaba ushbu to‘lovni olgan.

2025-yil 1-sentabrdan boshlab kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalarga nafaqani tayinlash va to‘lash Rossiya Ijtimoiy jamg‘armasi zimmasiga yuklatilgan. Avval bu to‘lovlarni ta’lim muassasalarining o‘zi amalga oshirgan.

Shuningdek, nafaqani hisoblash tartibi ham o‘zgargan. Avval to‘lov miqdori talabaning o‘rtacha stipendiyasiga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, hozir u hududdagi mehnatga layoqatli aholi uchun belgilangan yashash minimumi asosida hisoblanadi.

Standart 140 kunlik tug‘ruq ta’tili uchun nafaqaning o‘rtacha miqdori 96 ming rubl (13,4 million so‘m)ni tashkil etadi. To‘lovni kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalar va aspirantlar olishi mumkin. Bunda talabaning budjet yoki kontrakt asosida tahsil olayotgani ahamiyatga ega emas.

Nafaqa uchun “Davlat xizmatlari” portali, Ijtimoiy jamg‘arma mijozlar xizmati yoki MFC orqali murojaat qilish mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda Rossiyadagidek alohida tug‘ruq nafaqasini olish uchun asos bo‘lmaydi. Amaldagi davlat ijtimoiy sug‘urtasi mexanizmi sug‘urtalangan shaxslar uchun belgilangan.

O‘zbekistonda ishlayotgan ayolga homiladorlik va tug‘ish ta’tili odatda tug‘ruqqacha 70 kun va tug‘ruqdan keyin 56 kun beriladi; qiyin tug‘ruq yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilganda tug‘ruqdan keyingi muddat 70 kunni tashkil etadi.


Nafaqa bo‘yicha ma’lumotlarni my.gov.uz orqali avtomatik ko‘rish mumkin.

Dilnoza Zaripova

Fikrlar (0)
Avval yangilari