Korxonalarda 5 yil stajga ega xodimlar farzandlariga kontrakt to‘lovi to‘lab beriladi

Kamida 5 yil bir korxonada mehnat qilgan xodimlarning farzandlari uchun oliy ta’lim kontrakt to‘lovi qoplab beriladi. Bu haqda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ko‘p ish o‘rni yaratadigan sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi rag‘batlantirish choralari belgilandi.
Kimlarning farzandlari uchun kontrakt qoplanadi?
Yangi tartibga ko‘ra, kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarda kamida 5 yil ishlagan xodimlarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovi qoplab beriladi.
Bu bilan birga, yirik korxonalarda ishlayotgan xodimlar uchun boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari ham joriy etiladi.
Jumladan:
– xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplanadi;
– xodimlarni ish joyiga olib kelish va olib ketish uchun transport xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi;
– ish o‘rinlari soni 1 ming nafarga yaqinlashayotgan korxonalar uchun alohida grantlar ajratiladi.
Shu yo‘nalishda Andijon viloyatiga 20 million dollar mablag‘ berilishi belgilandi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda ko‘p ish o‘rni yaratadigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli qaror loyihasini kiritish topshirildi.
E’tiborli jihati: kontrakt to‘lovini qoplash imkoniyati hozircha aynan kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarda kamida 5 yil ishlagan xodimlarning farzandlariga taalluqli ekani ma’lum qilingan.
Ilmira Alizoda