Kontrakt to‘lovini qilganda chekni saqlash SHART!

Kontrakt to‘lovini amalga oshirayotgan talabalar uchun muhim eslatma: to‘lov chekini saqlab qo‘ying. Chunki ta’lim uchun to‘langan mablag‘ga yo‘naltirilgan daromaddan ushlab qolingan 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishda kontrakt shartnomasi va to‘lov hujjati kerak bo‘ladi.
Buning uchun soliq organiga borish shart emas. Fuqarolar deklaratsiyani masofadan turib, “Soliq” mobil ilovasidagi “Soliq imtiyozlarini qaytarish” elektron xizmati orqali yuborishi mumkin.
12 foiz qanday qaytariladi?
Bu imtiyoz kontrakt summasining 12 foizi avtomatik tarzda qaytariladi, degani emas.
Masalan, yil davomida kontrakt uchun 25 mln so‘m to‘langan bo‘lsa, uning 12 foizi 3 mln so‘mni tashkil etadi. Biroq qaytariladigan summa fuqaroning shu davrda daromadidan amalda ushlab qolingan daromad solig‘i miqdoridan oshmaydi.
Shu sababli daromadidan daromad solig‘i ushlab qolinmagan shaxs uchun qaytariladigan soliq summasi ham bo‘lmaydi.
Kimlar soliq imtiyozidan foydalanishi mumkin?
Ta’lim uchun to‘lovlarga beriladigan soliq imtiyozi qonunchilikda belgilangan shartlar asosida qo‘llanadi.
Jumladan, jismoniy shaxslar o‘zining ta’lim olishi uchun yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha to‘langan daromad solig‘ini qaytarish uchun jami yillik daromad deklaratsiyasini topshirishi mumkin. Soliq qo‘mitasi kontrakt to‘lovlariga yo‘naltirilgan daromad bo‘yicha soliq summasini qaytarish uchun deklaratsiya topshirilishini alohida ko‘rsatgan.
Eng muhim hujjat – to‘lov cheki
12 foizlik soliqni qaytarish jarayonida kontrakt shartnomasi va to‘lovni tasdiqlovchi hujjat kerak bo‘ladi.
Shuning uchun kontraktni to‘laganingizdan keyin:
– kontrakt shartnomasini saqlang;
– to‘lov chekini o‘chirib yubormang;
– elektron chek bo‘lsa, uni telefon yoki kompyuterga yuklab oling;
– kontrakt bir necha qismga bo‘lib to‘langan bo‘lsa, tegishli to‘lov hujjatlarini ham saqlang.
Soliq qo‘mitasi hujjatlarni bitta PDF faylga skanerlangan holda biriktirib deklaratsiya yuborish mumkinligini ma’lum qilgan.
“Soliq” mobil ilovasi orqali qanday yuboriladi?
Kontrakt bo‘yicha 12 foizlik daromad solig‘ini qaytarishning amaliy tartibi quyidagicha:
1. “Soliq” mobil ilovasiga kiring
Ilovaga kirgach, “Soliq imtiyozlarini qaytarish” elektron xizmatini tanlang.
Ushbu xizmat orqali soliq organiga bormasdan deklaratsiya yuborish mumkin.
2. Deklaratsiya ma’lumotlarini tekshiring
Tizimda foydalanuvchining ish haqi va boshqa daromadlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi.
Shu sababli deklaratsiyani yuborishdan oldin tizimdagi ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirib chiqish kerak.
3. Kontrakt hujjatlarini biriktiring
Deklaratsiyaga:
– kontrakt shartnomasi;
– kontrakt to‘langanini tasdiqlovchi chek yoki boshqa to‘lov hujjatini bitta PDF fayl ko‘rinishida biriktirish mumkin.
4. Shaxsni tasdiqlang
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, deklaratsiyani yuborishda shaxsni Face ID orqali tasdiqlash imkoniyati mavjud.
Shundan so‘ng deklaratsiya elektron shaklda yuboriladi.
Deklaratsiyani yubordim. Pul avtomatik tushadimi?
Yo‘q.
Bu jarayondagi muhim bosqichlardan biri – deklaratsiya yuborilgandan keyin ortiqcha to‘langan soliqni qaytarish uchun alohida ariza yuborish.
Soliq qo‘mitasi buning uchun “Keshbek va imtiyozlar” bo‘limidagi “Ortiqcha to‘lovni qaytarish” xizmatidan foydalanishni ko‘rsatgan.
Demak, jarayon qisqacha:
Kontraktni to‘lash → chekni saqlash → shartnoma va to‘lov hujjatlarini PDF qilish → “Soliq imtiyozlarini qaytarish” xizmati orqali deklaratsiya yuborish → “Ortiqcha to‘lovni qaytarish” xizmati orqali ariza yuborish.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
12 foizlik soliqni qaytarish jarayonida hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish ishni osonlashtiradi.
Shuning uchun kontrakt to‘lovini amalga oshirganingizdan so‘ng:
1. Kontrakt shartnomasini saqlang.
2. Har bir to‘lov chekini saqlang.
3. Elektron cheklar nusxasini yuklab oling.
4. Hujjatlarni bitta PDF faylga jamlang.
5. “Soliq” mobil ilovasidagi “Soliq imtiyozlarini qaytarish” xizmatidan foydalaning.
6. Deklaratsiya yuborilgach, “Ortiqcha to‘lovni qaytarish” xizmatidan foydalanishni unutmang.
Demak, kontrakt to‘lovining chekini saqlash shunchaki ehtiyot chorasi emas. U 12 foizlik daromad solig‘ini qaytarish jarayonida kerak bo‘ladigan muhim hujjatlardan biridir.
Ilmira Alizoda