Endi Toshkentdagi talabalar jamoat transportlariga qancha to‘laydi?

Toshkentda jamoat transportidan foydalanish tartibida o‘zgarishlar joriy etiladi. 1-oktyabrdan avtobus va metroda elektron to‘lov orqali bir martalik yo‘l haqi 2 500 so‘m bo‘ladi. Talabalar va o‘quvchilar esa tarif rejalarini 50 foizlik chegirma bilan xarid qilishi mumkin.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qaroriga ko‘ra, 1-oktyabrdan poytaxt jamoat transportida yangi tarif rejalari amal qiladi.
Bir martalik yo‘l haqi qancha?
Yangi tarif bo‘yicha:
– elektron to‘lov – 2 500 so‘m;
– naqd to‘lov – 3 000 so‘m.
Bunda elektron to‘lovdagi yo‘l haqi amaldagi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshadi. Naqd to‘lov narxi esa 3 000 so‘m miqdorida saqlanib qoladi.
Bir kunlik yoki oylik tarifdan foydalanish mumkin
Yo‘lovchilar uchun safarlar soni va foydalanish muddatiga qarab bir nechta tarif rejalari belgilangan.
Faqat avtobus uchun:
– 1 kunlik – 11 500 so‘m;
– 1 haftalik – 54 000 so‘m;
– 1 oylik – 250 000 so‘m.
Avtobus + metro uchun:
– 1 kunlik – 13 500 so‘m;
– 1 haftalik – 73 000 so‘m;
– 1 oylik – 345 000 so‘m;
– 1 yillik – 2 700 000 so‘m.
1 soat ichida qayta transportga chiqilsa, qancha to‘lanadi?
Yangi tizimda elektron to‘lov orqali 60 daqiqa ichidagi transferlar uchun alohida tariflar amal qiladi.
Birinchi safar uchun 2 500 so‘m undiriladi.
Shundan keyin:
– avtobusdagi ikkinchi safar – 1 500 so‘m;
– uchinchi va undan keyingi avtobus safarlari – bepul;
– transfer zanjiri doirasida metrodan foydalanish – 1 500 so‘m.
Agar safar metrodan boshlangan bo‘lsa, birinchi safar uchun 2 500 so‘m to‘lanadi.
60 daqiqalik vaqt birinchi transport vositasiga chiqib, to‘lov amalga oshirilgan paytdan hisoblanadi.
Bunda bir soat ichida metrodan bir marta foydalanish mumkin. Metrodan ikkinchi marta foydalanilganda yangi 60 daqiqalik davr boshlanadi.
Naqd to‘lov qilgan yo‘lovchilarga esa ushbu transfer chegirmalari qo‘llanmaydi.
Talabalar va o‘quvchilar uchun narxlar qancha?
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentyabrdagi 273-son qaroriga asosan, o‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun transport kartalaridagi tarif rejalariga 50 foizlik chegirma belgilangan.
Shunga ko‘ra, talabalar va o‘quvchilar yangi tarif rejalarini quyidagi narxlarda xarid qilishi mumkin:
Avtobus:
– 1 kunlik – 5 750 so‘m;
– 1 haftalik – 27 000 so‘m;
– 1 oylik – 125 000 so‘m.
Avtobus + metro:
– 1 kunlik – 6 750 so‘m;
– 1 haftalik – 36 500 so‘m;
– 1 oylik – 172 500 so‘m;
– 1 yillik – 1 350 000 so‘m.
E’tibor bering
50 foizlik chegirma bir martalik yo‘l haqiga emas, tarif rejalariga nisbatan qo‘llanadi.
Ya’ni talaba yoki o‘quvchi tarif rejasini xarid qilmasdan, avtobus yoki metroda alohida elektron to‘lov qilsa, umumiy 2 500 so‘mlik tarif amal qiladi. Naqd to‘lovda esa 3 000 so‘m undiriladi.
Qonunchilikka muvofiq bepul yo‘l haqidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ushbu imtiyozi saqlanib qoladi.
Ilmira Alizoda