11:10, Sentabr 28, 2026
/
417

Doktorantlar uchun nomdor stipendiyalarga tanlov boshlandi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlarda tahsil olayotgan tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun uchta nomli stipendiya tanloviga hujjatlar qabul qilinmoqda.

Kimlar uchun?

Tanlovda 2026-yilda tegishli bosqichni yakunlaydigan, tayanch doktoranturaning 1- va 2-bosqichida tahsil olayotgan izlanuvchilar ishtirok etishi mumkin.

Quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha stipendiyalar ajratiladi:

– Fizika-matematika va texnika fanlari – akademik Saʼdi Sirojiddinov nomidagi stipendiya;

– Kimyo-biologiya va tibbiyot fanlari – akademik Obid Sodiqov nomidagi stipendiya;

– Ijtimoiy-gumanitar fanlar – akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi stipendiya.

Stipendiya miqdori qancha?

Har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha 5 nafar izlanuvchi stipendiya sohibiga aylanadi.

Stipendiya:

– 12 oy davomida to‘lanadi;

– har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida beriladi.

Hujjatlar qachongacha qabul qilinadi?

Arizalar 2026-yil 21-sentabrdan 21-oktabrgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar talabgor tahsil olayotgan Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotning rasmiy xati asosida yuboriladi.

Nomzoddan nimalar talab qilinadi?

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

– tayanch doktoranturaga qabul qilinganligi, ixtisosligi, dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbari haqidagi ma’lumotlar;

– dissertatsiya mavzusi, uning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va asosiy natijalari haqida qisqacha ma’lumot;

– mavzu bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlar va boshqa ilmiy natijalar ro‘yxati hamda nusxalari;

– ilmiy ishlanmalar, intellektual mulk obyektlari, loyihalar, grantlar, mukofotlar va boshqa ilmiy yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar;

– ilmiy rahbarning talabgor faoliyati va dissertatsiya ishining bajarilish holati haqidagi xulosasi.

Muhim: hujjatlarni topshirish muddati tugagandan keyin olingan yangi ilmiy natijalar tanlovda hisobga olinmaydi.

Tanlov qanday boshlanadi?

Avvalo talabgorning hujjatlari u tahsil olayotgan tashkilotning ilmiy kengashida ko‘rib chiqiladi.

Bunda hujjatlarning to‘liqligi, doktorant maqomi, dissertatsiya mavzusining fan yo‘nalishiga mosligi va yakka tartibdagi rejaning bajarilishi baholanadi.

Ilmiy kengash tavsiyasidan so‘ng hujjatlar tashkilot rahbarining rasmiy xati bilan Fanlar akademiyasiga yuboriladi.

Eslatma: tayanch doktoranturadan chetlashtirilgan yoki ta’limi qonunchilikka muvofiq vaqtincha to‘xtatilgan shaxslar tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari