11:23, Sentabr 28, 2026
/
482

Mudofaa vazirligi oliygohlarida 70 ta bepul o‘rin bo‘sh qoldi

Turkmaniston Mudofaa vazirligining Harbiy va Harbiy-dengiz institutlarida yana jiddiy qabul yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Bu yil dengiz flotida xizmat qilish uchun tayyorgarlikni 100 nafar kursant boshlashi kerak edi, ammo amalda ularning soni bor-yo‘g‘i 30 nafarga yaqin yetdi. Harbiy institutda ham shunday holat kuzatildi – u ham birinchi bosqich talabalari rejasining bor-yo‘g‘i uchdan bir qismini jalb qila oldi, xolos.

Mamlakat qurolli kuchlaridagi turkmen.news manbasining xabar berishicha, harbiy oliygohlarning qabul komissiyalari vakillari 2026/2027-o‘quv yili arafasida keng ko‘lamli targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazishgan. Ular abituriyentlarni tom ma’noda qidirib yurishgan: bahorda harbiy qismlarga borib, xizmat muddati tugab borayotgan askarlarni o‘qishga kirishga targ‘ib qilishgan; harbiy ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining uylariga borib, ularni sohaviy institutga kirishga ko‘ndirishgan. Ammo shuncha harakatga qaramay, rejaning faqat uchdan bir qisminigina yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan. Saralashning o‘zi esa umuman bo‘lmagan: hujjat topshirganlarning barchasi o‘qishga qabul qilingan.

Harbiy va Harbiy-dengiz institutlari Turkmanistondagi ta’lim to‘liq bepul bo‘lgan kam sonli oliy o‘quv yurtlaridandir. Bu yerda o‘qishga kirish uchun necha yildan beri pora olinmaydi. Qolaversa, talabalarga 1000 manat (taxminan 55 dollar) miqdorida ancha yaxshi stipendiya to‘lanadi. Hatto imtihon komissiyasi stoli yoki dekan sovg‘asi uchun pul yig‘ishlar, g‘ijim forma yoki o‘quv korpusiga olib kirilgan telefon uchun jarimalar hisobga olinsa ham bularning barchasi bilan harbiy oliygohda o‘qish fuqarolik oliygohidagidan ko‘ra afzalroq bo‘lib chiqadi. Axir sovg‘alar va jarimalarni ota-onaning pulidan emas, hech bo‘lmaganda stipendiyadan to‘lash mumkin.

Biroq talabalar va ularning oilalari kelajakka qarashadi. U yerda esa bunday o‘qish hech qanday istiqbollarni ochib bermaydi. Turkman ofitserlari va starshinalarining maoshi oilasini ta’minlashga yetmaydi, ijtimoiy paket ham yordam bermaydi. 2024-yilda mudofaa vaziri Begench Gundogdiyev uning asosiy qismi: xizmat uy-joyini xususiy mulk sifatida berishni bekor qildi. Qo‘shinlarning barcha turlarida o‘zlashtirish va o‘g‘riliklar avj olgan, oddiy askarlardan esa tashqi tomonga mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun ishchi kuchi sifatida foydalaniladi. Ofitserlar esa yoki ushbu tizimga moslashishlari, yoki komandirlari nazaridan qolgan quvg‘indiga aylanishlari kerak.

Betaraf Turkmanistonda harbiy yo‘lni tanlash, aksincha, imkoniyat va istiqbollarni yopib qo‘yishi mumkin. Yaqinda vazir Gundogdiyev iste’fodagi harbiylarning mamlakatdan chiqishini taqiqlab qo‘ydi. Manbalarning xabar berishicha, chiqish taqiqiga duch kelganlar harbiy sirga ega bo‘lishmagan. Ularning chiqishini cheklash uchun boshqa qonuniy asoslar ham bo‘lmagan, ammo vazir taqiqlarni o‘zboshimchalik bilan va muntazam ravishda joriy qilmoqda.

O‘qishning o‘zida ham kamchiliklar yetarli. U harbiy xizmatdan muddatini uzaytirish (otsrochka) huquqini bermaydi, shuning uchun talaba bundan oldin ixtisoslashtirilgan harbiy maktabni tugatgan yoki xizmat o‘tagan bo‘lishi kerak. Tayyorgarlikni yuqori professional deb bo‘lmaydi, shuningdek, yuqorida aytib o‘tilgan korrupsiya ham mavjud. Ammo odamlarni Harbiy, Harbiy-dengiz va Chegara institutlarida ta’lim olishdan qaytaradigan asosiy omil – bu armiyaning salbiy qiyofasidir.

turkmen.news manbasining fikricha, bunday sur’atlar bilan kelasi yili birinchi bosqich kursantlarining hatto uchdan bir qismi ham yig‘ilmasligi mumkin.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari