07:35, Sentabr 29, 2026
/
521

O‘zbekistonda 185 ming talaba dual ta’lim bilan qamrab olinadi

O‘zbekistonda 3–4-kurs talabalarining kamida 80 foizini dual ta’lim bilan qamrab olish maqsad qilindi. Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoyevga dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Yangi model doirasida:

– 185 ming nafar 3–4-kurs talabasi dual ta’limga jalb qilinadi;
– dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi;
– 2027/2028-o‘quv yilida 75 ta OTM va 3,5 mingta korxona tizimga jalb qilinadi;
– 12,5 ming nafar talaba uchun o‘qish va amaliyotni birlashtirish rejalashtirilgan.

Dual ta’limda talaba nazariy bilimlarni universitetda, amaliy ko‘nikmalarni esa korxonada egallaydi. Universitet, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Korxona ehtiyojidan kelib chiqib o‘quv dasturi moslashtiriladi va talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi.

Shuningdek, talabalarni amaliyotga qabul qiladigan va keyinchalik ish bilan ta’minlaydigan korxonalarni rag‘batlantirish taklif etilmoqda. Jumladan, talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya qilish, ayrim bojxona va amortizatsiya imtiyozlarini berish hamda 25 nafardan ortiq talabani qabul qiladigan korxonalarga davlat xaridlarida imtiyoz berish ham ko‘zda tutilgan. 

Ayni paytda Andijon viloyatida 11 ming talaba 2 mingta korxonada dual ta’lim doirasida amaliyot o‘tamoqda. Prezident barcha rektorlar uchun ushbu tajribani joyida o‘rganish vazifasini qo‘ydi.

Dilnoza Zaripova

Fikrlar (0)
Avval yangilari