07:56, Sentabr 30, 2026
/
525

Super-kontrakt pulini to‘lab, o‘qishni boshlagandan so‘ng uni qaytarib olish mumkinmi?

Yaqinda tahririyatimizga abituriyentlardan biri aynan shu dolzarb savol bilan murojaat qildi. Uning vaziyati ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi va amaliy ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, ushbu savolga berilga javobni barchaga taqdim etishga qaror qildik.

Vaziyat qanday?

Murojaatchi joriy yilda o‘zi tanlagan 5 ta OTMdan birortasiga asosiy qabul doirasida kira olmagan. Shundan so‘ng, u 15-sentyabr kuni 2-bo‘lib tanlagan OTMiga “super-kontrakt” asosida o‘qish uchun kontrakt.edu.uz orqali ariza yuborib, to‘lovning 50 foizini amalga oshirgan va bir hafta davomida universitetga qatnagan. Biroq, endilikda u to‘langan pulni qaytarib olib, o‘zi tanlagan boshqa OTMga “super-kontrakt” qilish istagini bildirgan.

Huquqiy javob: Pulni qaytarib olishga huquqingiz bor!

Ha, to‘langan mablag‘ni qaytarib olish imkoniyati mavjud bo‘lib, bunda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim.

Agar OTM tomonidan talabaning o‘qishga qabul qilinganligi haqidagi rasmiy buyruq hali chiqmagan bo‘lsa, o‘zaro kelishuv asosida mablag‘ni to‘liq qaytarib olish imkoniyati mavjud.

Agar boshqacha shartlar belgilanmagan bo‘lsa, universitet talaba o‘qigan 1 haftalik muddat uchun ko‘rsatilgan ta’lim xizmati haqini ushlab qolib, qolgan qismini qaytarib berishi kerak.

Ba’zida OTM shartnomalarida “tomonlardan biri shartnomani buzgan taqdirda to‘lov qaytarilmaydi” degan band bo‘lishi mumkin. Biroq bunday shart mamlakatimizdagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ziddir. Shuning uchun, garchi biroz vaqt va harakat (yugur-yugur) talab qilsa-da, qonuniy asosda pulni qaytarib olish to‘laqonli mumkin.

Boshqa OTMga o‘tishga ulgurish mumkinmi?

Murojaatchining “pulni qaytarib olgach, qolgan 4 ta OTMdan biriga super-kontrakt qilsam bo‘ladimi?” degan savoliga ham oydinlik kiritsak. Odatda, “super-kontrakt” uchun qabul jarayonlari 15-oktyabrda yopiladi. Pulni qaytarib olish jarayoni ma’lum vaqt talab etishini hisobga olsak, abituriyent belgilangan muddatgacha barcha rasmiyatchiliklarni tugatishga ulgursagina boshqa OTMni tanlay oladi.

Xulosa qilib aytganda, agar siz ham shunday vaziyatga tushib qolsangiz, vaqtni yo‘qotmasdan tezkorlik bilan harakat qilishingiz va o‘z huquqlaringizni talab qilishingiz tavsiya etiladi.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari