09:19, Sentabr 30, 2026
/
479

Bugun xususiy universitetlarga qabul yopiladi

Bugun, 30-sentyabr – O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida yangi o‘quv yili uchun qabulning so‘nggi kuni.

Qabul jarayonlari joriy yilning 1-iyunidan boshlangan edi. Amaldagi tartibga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat va magistraturaga qabul iyun-sentabr oylarida amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan, 1-oktyabrdan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun yangi talabalarni qabul qilish to‘xtatilishi lozim.

Agar xususiy OTMda o‘qishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, bugunning o‘zida tanlagan universitetingizning qabul bo‘yicha ma’lumotlarini tekshirib, hujjat topshirish jarayonini yakunlash kerak.

Bunda faqat kontrakt narxiga qarab qaror qilish yetarli emas. Abituriyent:

– tanlangan ta’lim yo‘nalishi mavjudligini;
– mazkur yo‘nalishning akkreditatsiya holatini;
– universitetning qabul talablari va kirish imtihoni bor-yo‘qligini;
– kontrakt miqdori va to‘lov tartibini;
– ta’lim shakli va davomiyligini;
– universitetning rasmiy qabul sahifasidagi boshqa talablarni tekshirishi lozim.

Xususiy OTMlar faqat davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalarni qabul qilishi mumkin.

Shuningdek, nodavlat OTMlar ham o‘qishga qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqlarni 1-oktyabrdan kechiktirmasdan HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.


Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari