10:36, Sentabr 30, 2026
/
542

Prezident O‘zbekistondagi eng zo‘r oliygohlardan biriga tashrif buyurdi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurishi kutilmoqda. Davlat rahbari universitet kampusi qurilishini avval ham ko‘zdan kechirgan. O‘shanda u bu yerdagi qurilish ishlari va ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun “andoza bo‘lishi kerak”ligini ta’kidlagan.

Bugungi tashrif universitet uchun muhim yutuqlardan so‘ng amalga oshirilmoqda: sentabr oyi boshida universitet O‘zbekistonda Buyuk Britaniyaning QAA tashkiloti xalqaro institutsional akkreditatsiyasidan o‘tgan birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti davlat oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, o‘zini mamlakatdagi birinchi keng qamrovli tadqiqot universiteti sifatida taqdim etdi. Universitet faoliyatida xalqaro ta’lim tajribasi, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va zamonaviy oliy ta’lim boshqaruvi yo‘nalishlari muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda universitetda bakalavriat, magistratura va PhD dasturlari mavjud. Ta’lim muhandislik, kompyuter fanlari, jumladan, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik, gumanitar va ijtimoiy fanlar hamda menejment yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Universitet qanday tashkil etilgan?

“Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish tashabbusi 2021-yil 21-may kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Besh tashabbus harakati” tadbirida e’lon qilingan.

Universitet O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi “Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-5158-son qarori bilan davlat oliy ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilgan. Qarorda ta’lim jarayonini nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etish belgilangan.

Universitetning ilk kirish imtihoni 2021-yil 6-sentabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionining tashqi maydonida o‘tkazilgan. Tegishli qarorga ko‘ra, o‘z binosi qurib bitkazilgunga qadar universitet Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti infratuzilmasidan foydalanib kelmoqda.

Universitetda o‘qish 2021/2022 o‘quv yilidan boshlangan. Ta’lim davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida, grant va kontrakt shakllarida tashkil etilgan.

2025-yil avgustida universitetning baholash tizimini boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham joriy etish va moliyalashtirishni to‘plangan ballarga bog‘lash rejalari e’lon qilingan.

2026-yil may oyida Bahodir Ahmedov universitet rektori etib tayinlangan. U 2021-yildan buyon universitetda birinchi prorektor lavozimida faoliyat yuritgan va fizika-matematika fanlari doktori hisoblanadi.

Xalqaro hamkorlikka asoslangan ta’lim modeli

Universitetning ta’lim modelida xalqaro hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Asosiy hamkorlar qatorida Massachusets texnologiya instituti (MIT) qoshidagi J-WEL laboratoriyasi va Myunxen texnika universitetining TUM International tuzilmasi mavjud.

J-WEL laboratoriyasi bilan hamkorlik inson ko‘nikmalarini, TUM International bilan hamkorlik esa texnik ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Universitetning faxriy prezidenti TUMning sobiq prezidenti, professor Volfgang Herrmann hisoblanadi.

Bundan tashqari, Kembrij universiteti, Xalifa universiteti hamda Gonkong fan va texnologiya universitetining Guanchjou kampusi bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Har yili 150 nafardan ortiq talaba besh davlatdagi almashinuv dasturlarida qatnashadi. Shuningdek, 45 ta xorijiy universitet bilan 50 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolangan.

2026-yilda TUM bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, kuzdan talabalar bir semestrni TUMda o‘qishi mumkin. Shuningdek, aerokosmik muhandislik bo‘yicha qo‘shma dasturni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentdagi kampus va ilmiy loyihalar

Universitetning yirik infratuzilmaviy loyihalaridan biri Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan kampusdir. Kampus qurilishi 2024-yil aprelida boshlangan va u 8 000 talabaga mo‘ljallangan.

Universitetda startap va venchur moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Germaniya sanoat kompaniyalari bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, olimpiadalar va xakatonlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

“Rektorlar maktabi” qanday ishlaydi?

“Yangi O‘zbekiston” universitetida yo‘lga qo‘yilgan muhim dasturlardan biri – “Rektorlar maktabi”. U Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi “Davlat oliy ta’lim muassasalari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish va ularni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 177-son qarori asosida 2026-yil 1-iyuldan ish boshlagan.

Dasturning asosiy maqsadi davlat oliy ta’lim muassasalari rektori yoki direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirishdan iborat.

Yangi tartibga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari faqat “Rektorlar maktabi” dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va tegishli zaxiraga kiritilgan shaxslar orasidan tanlanadi. Dasturga qabul qilish uchun nomzod kamida 30 yoshda bo‘lishi, magistr darajasiga ega bo‘lishi va oliy ta’lim tizimida kamida 5 yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak. Shundan kamida 2 yili rahbarlik lavozimida bo‘lishi talab etiladi.

Qabul jarayoni to‘rt bosqichda amalga oshiriladi: hujjatlarni o‘rganish, test, psixologik baholash va suhbat. Ta’lim muddati 6 oygacha bo‘lib, mashg‘ulotlar onlayn va oflayn shaklda tashkil etiladi. Har yili 80 nafar tinglovchini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

O‘quv dasturida akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, strategik boshqaruv hamda transformatsiya yo‘nalishlari o‘qitiladi.

Eng yaxshi 40 nafargacha tinglovchining Garvard universiteti yoki boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi ko‘zda tutilgan. Dastur Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda olib boriladi. Uni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikat beriladi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari