12:04, Sentabr 30, 2026
/
3,9 тыс

20 ta OTMda integratsiyalashgan ta’lim joriy etiladi

Kelasi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi 20 ta oliy ta’lim tashkilotida bosqichma-bosqich integratsiyalashgan ta’lim dasturlari joriy etiladi.

Bu tizimda fanlar va yo‘nalishlar bir-biridan alohida emas, balki o‘zaro bog‘liq holda o‘qitiladi. Ya’ni talaba bir nechta fan bo‘yicha olgan bilimlarini yagona loyiha yoki amaliy vazifa doirasida qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Integratsiyalashgan ta’lim nima?

Oddiy qilib aytganda, bu – bilimlarni alohida “qutilar”ga ajratib o‘qitish o‘rniga, ularni bir-biri bilan bog‘lab berish tizimi.

Masalan, muhandislik loyihasida talaba bir vaqtning o‘zida matematika, fizika, informatika va muhandislik bo‘yicha bilimlaridan foydalanadi. Natijada nazariy bilimni amaliy vazifada qo‘llash imkoniyati oshadi.

Bunday yondashuv:

– fanlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytiradi;
– nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘laydi;
– talabaning kompleks fikrlash ko‘nikmasini rivojlantiradi;
– o‘quv dasturlaridagi takroriy mavzularni kamaytirishga yordam beradi.

Qaysi OTMlarda joriy etiladi?

Integratsiyalashgan ta’lim dasturlari quyidagi 20 ta oliy ta’lim tashkilotida bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan:

  1. O‘zbekiston Milliy universiteti
  2. Buxoro davlat universiteti
  3. Termiz davlat universiteti
  4. Namangan davlat universiteti
  5. Toshkent davlat tibbiyot universiteti
  6. Toshkent davlat pedagogika universiteti
  7. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
  8. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
  9. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
  10. Toshkent davlat transport universiteti
  11. Farg‘ona davlat texnika universiteti
  12. Turin politexnika universiteti
  13. “ToshTech” texnika universiteti
  14. Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti
  15. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
  16. Samarqand davlat chet tillari instituti
  17. Andijon davlat chet tillari instituti
  18. Milliy rassomlik va dizayn instituti
  19. Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi
  20. Bank-moliya akademiyasi

Yangi yondashuvning asosiy maqsadi – oliy ta’limda turli fanlardan olingan bilimlarni birlashtirish va ularni amaliy vazifalarni hal qilishda qo‘llay oladigan mutaxassislarni tayyorlashdir.

Demak, kelgusi yildan boshlab mazkur 20 ta OTMda ta’lim jarayonida fanlararo yondashuvga bosqichma-bosqich ko‘proq e’tibor qaratiladi. 

Ilmira ALIZODA

Fikrlar (0)
Avval yangilari