13:14, Sentabr 30, 2026
/
3,2 тыс

O‘zbekistonda xususiy texnikumlar tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kasbiy ta’limni rivojlantirish va yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

Xususan, xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va yer narxidan chegirmalar beriladi.

Xususiy texnikum o‘quvchilarining 50 foiziga davlat granti

Kelasi o‘quv yilidan boshlab sanoat, servis va infratuzilma kabi muhim sohalar uchun kadrlar tayyorlaydigan xususiy texnikumlarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning 50 foiziga davlat granti ajratiladi.

Bundan tashqari:

– xalqaro dastur va franchayzalarni olib kelish xarajatlarining 75 foizi qoplab beriladi;

– o‘quv laboratoriyalari va zarur jihozlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod qilish imtiyozi beriladi.

Ustozlar uchun ham yangi rag‘batlar

Ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi. G‘oliblarni tayyorlagan 120 nafar ustaga 40 million so‘mgacha mukofot berildi.

Endilikda mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovlari g‘oliblarini tayyorlagan ustalarga 100 million so‘mgacha, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga esa 200 million so‘mgacha mukofot beriladi.

Shuningdek, kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustalarga 50 foiz ustama to‘lanadi va sertifikat olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveytsariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘tashi ham yo‘lga qo‘yiladi.

Kasb o‘rganayotgan yoshlar uchun qanday imkoniyat bor?

So‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Xitoyning xalqaro dasturlari olib kirildi.

Shuningdek, 25 mingta korxona bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 100 mingdan ziyod yoshga o‘qish bilan birga daromad topish imkoniyati yaratildi.

Shu yildan dual ta’limda kasb o‘rganayotgan yoshlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda.

Bu yil 9-sinfni tamomlagan 220 ming nafar o‘quvchi texnikumlarga jalb qilindi.

Prezident kasbiy ta’limdagi o‘zgarishlar haqida gapirar ekan, “Hunar – hunardan rizqing unar” degan xalq maqolini ham keltirdi.

Xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich barcha texnikumlarga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari