Dual ta’lim: endi mutaxassislar oliy ta’lim buyurtmasi asosida tayyorlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-sentyabrdagi “Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-209-son Farmoniga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.
Asosiy o‘zgarishlar va tartib-qoidalar quyidagilardan iborat:
Joriy etilish muddati va tamoyili
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida ish beruvchilarning buyurtmasi asosida, bitiruvchini kafolatli ishga qabul qilish sharti bilan dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur tizim “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyiliga asoslanadi. Qabul parametrlari har yili 1-sentyabrga qadar belgilanadi.
Qabul va saralash jarayoni
• Nomzodlar bevosita ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan tanlov asosida saralanadi.
• Korxona yo‘llanmasiga ega nomzodlar o‘qishga to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihonsiz qabul qilinadi. Buyurtma asosida kelganlar esa saralash imtihonlari natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.
• Oliy taʼlim bilan integratsiyalashgan dasturlar bo‘yicha texnikumni tamomlagan bitiruvchilarga o‘qishni mos yo‘nalishlarning 2 yoki 3-kursidan davom ettirishga ruxsat etiladi.
Shartnoma, ish haqi va majburiyatlar
• Ta’lim jarayoni oliy ta’lim muassasasi, ish beruvchi va talaba o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida amalga oshiriladi.
• Talabaga o‘qish davomida korxonaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda oylik ish haqi to‘lab boriladi.
• O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchi mazkur korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda kamida 2 yil ishlab berish majburiyatini oladi.
O‘quv jarayoni va nazorat
O‘quv dasturining faqatgina 30 foizi nazariy ta’limga ajratilib, asosiy qismi amaliy tayyorgarlikka yo‘naltiriladi. Talabalarning amaliyotdagi ishtiroki va o‘zlashtirishi to‘liq “CareerEdu” elektron platformasi orqali monitoring qilib boriladi.
O‘qishni ko‘chirish tartibi
Talabalar o‘qishini dual taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakllariga ko‘chirishiga ruxsat etilmaydi. Ushbu qoidaga faqat korxona bilan tuzilgan shartnomaga tegishli o‘zgartirish kiritilgan taqdirdagina istisno tariqasida ruxsat beriladi.
Ra’no Nusratilloyeva