Eksklyuziv: “Dost” milliy avtomobilining ilk fotosuratlari namoyish etildi

ADM Global kompaniyasi tomonidan ilgari surilgan “Dost” milliy avtomobil loyihasi O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ushbu tashabbus shunchaki yangi brendni namoyish etish emas, balki mamlakatda o‘z muhandislik va dizayn maktabini shakllantirishga qaratilgan. Loyihaning o‘zagini “Yangi O‘zbekiston” universiteti negizida tashkil etilgan ADM R&D (tadqiqot va ishlanmalar) laboratoriyasi tashkil etadi.
Ushbu laboratoriyada universitetning iqtidorli talabalari va ADM Jizzakh zavodining muhandislari birgalikda faoliyat olib bormoqda. Ular yangi avtomobilning texnik konsepsiyasini yaratish, sinov modellarini loyihalash va ularni mahalliy iqlim hamda yo‘l sharoitlariga moslashtirish jarayonlarida bevosita qatnashmoqda. Bu yondashuv xalqaro standartlarga javob beradigan milliy kadrlar tayyorlash va ehtiyot qismlarni maksimal darajada O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi.
Rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, loyiha ikki asosiy bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda asosiy urg‘u yengil tijorat transportiga beriladi. Bunga kichik hajmda yuk tashuvchi furqonlar, muzlatgichli refrijeratorlar va turli sohalar uchun maxsus xizmat avtomobillari kiradi. Tijorat segmenti orqali ishlab chiqarish texnologiyalari va bozor ehtiyojlari atroflicha sinovdan o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqichda esa brend ommaviy yo‘lovchi avtomobillarini yaratishga o‘tadi. “DOST” brendi ostidagi birinchi yengil yo‘lovchi avtomobilining to‘liq prototipi 2027-yilning boshida jamoatchilikka rasman taqdim etilishi rejalashtirilgan. Barcha modellar Jizzax erkin iqtisodiy zonasida joylashgan ADM Jizzakh zavodining ishlab chiqarish quvvatlarida bosqichma-bosqich mahalliylashtirilgan holda tayyorlanadi.
Ra’no Nusratilloyeva