Texnikum xodimi o‘quvchi-qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qildi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan o‘quvchi qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan texnikum xodimiga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanildi. Bu haqida “Daryo” internet-nashri xabar bermoqda.
Sud hujjatlariga ko‘ra, hodisa 25-sentyabr kuni texnikum hududida yuz bergan. Ishlab chiqarish ta’lim ustasi sifatida faoliyat yurituvchi erkak o‘ziga biriktirilgan guruh o‘quvchisini dars jarayonida auditoriyadan olib chiqib, kafedra xonasiga kiritgan. Shu yerda u qizga nisbatan nomaqbul harakatlar qilishga uringan. O‘quvchi qarshilik ko‘rsatib, xonadan chiqib ketgan.
Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni kechroq noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilinib, qiz sportzalga chaqirilgan. U yerga borgan o‘quvchi yana o‘sha xodimga duch kelgan va uning shilqimlik harakatlariga uchragan. Telefon qo‘ng‘irog‘i sabab erkakning e’tibori chalg‘iganidan foydalangan qiz xonani tark etgan.
O‘quvchi dastlab voqea haqida hech kimga aytmaganini, bunga omma oldida sharmanda bo‘lib qolishdan qo‘rqqani hamda rahbariyat tomonidan masala hal etilishiga ishonmagani sabab bo‘lganini bildirgan. Keyinchalik texnikum direktori qaytgach, hodisa tafsilotlarini ma’lum qilgan.
Sud jarayonida erkak qizni darsdan olib chiqqanini tan olgan, biroq unga nisbatan shahvoniy harakatlar qilganini rad etgan. Shunga qaramay, sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi 1-qismi – shahvoniy shilqimlik qilishda aybdor deb topdi va 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Ra’no Nusratilloyeva