Raqobat qizg‘in bo‘ladi: Huquqshunoslik milliy sertifikati uchun kvotalar ochiqlandi

2026-yilning dekabr oyida huquqshunoslik fanidan bo‘lib o‘tadigan milliy sertifikat imtihonlari uchun hududlar kesimida ajratilgan o‘rinlar soni ma’lum qilindi. E’lon qilingan raqamlar talabgorlar o‘rtasida jiddiy kurash kechishidan darak bermoqda.

Butun respublika bo‘yicha jami talabgorlar limiti 2125 ta o‘rin etib belgilangan. Yuridik ta’lim muassasalari, xususan, yurisprudensiya yo‘nalishidagi talaba va magistrlarning asosiy qismi qamrab olingan Toshkent shahri uchun ajratilgan limit kutilganidan ancha past – bor-yo‘g‘i 110 ta o‘rin. Respublika bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Toshkent viloyati (100 ta o‘rin) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Kvotalar taqsimotida eng yuqori o‘rinlarni Farg‘ona (205 ta) va Qashqadaryo (200 ta) viloyatlari egallagan.
Tizimda ro‘yxatga olish jarayoni 17-noyabrdan start oladi va 1-dekabrgacha davom etadi.
Ra’no Nusratilloyeva