Endi o‘zbekistonlik talabalar Gemini AIning Plus tarifidan bepul foydalanishlari mumkin

O‘zbekistonlik talabalar endi Googlening sun’iy intellekt xizmatlaridan kengaytirilgan imkoniyatlar bilan bir yil davomida bepul foydalanishlari mumkin. Buning uchun Aileaders.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish va talabalik maqomini tasdiqlash kifoya.
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Google hamkorligi doirasida O‘zbekiston talabalari uchun muhim imkoniyat yaratildi. Endilikda ular qiymati yiliga 60 AQSH dollariga teng bo‘lgan Google AI Plus obunasini bepul faollashtirishlari mumkin. Bunda talabalik maqomi Googlening xalqaro verifikatsiya hamkori – SheerID orqali tekshiriladi. O‘zbekiston ushbu xizmat qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar qatoriga kiritilgan.
Bu shunchaki sun’iy intellekt bilan savol-javob qilish imkoniyati emas. Obuna talabaga darslarga tayyorlanish, ilmiy ma’lumotlarni tahlil qilish, taqdimotlar ustida ishlash va ijodiy loyihalarni amalga oshirishda qo‘l keladigan bir qator vositalardan foydalanish imkonini beradi.
Gemini AI Plus talabalarga nima beradi?
Google AI Plus obunasi bir nechta xizmat va qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi.
1. Geminidan kengaytirilgan imkoniyatlar bilan foydalanish
Talabalar Gemini yordamida murakkab mavzularni tushuntirish, ma’lumotlarni umumlashtirish, xorijiy tillarni o‘rganish, matnlarni tahrirlash va g‘oyalarni rivojlantirishlari mumkin. Pulli obuna doirasida foydalanish limitlari oshiriladi hamda ayrim ilg‘or AI imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.
2. Google Drive, Gmail va Google Photos uchun 400 GB xotira
Obuna doirasida 400 GB hajmdagi bulutli xotira taqdim etiladi. Bu ma’ruza materiallari, ilmiy maqolalar, diplom va kurs ishlari, taqdimotlar hamda boshqa fayllarni saqlashda asqatadi. Xotira Google Drive, Google Photos va Gmail xizmatlari uchun umumiy hisoblanadi.
3. Google NotebookLM – o‘qish va tadqiqot uchun yordamchi
NotebookLM katta hajmdagi materiallar bilan ishlashni osonlashtiradi. Talaba yuklangan manbalar asosida asosiy fikrlarni ajratishi, murakkab ma’lumotlarni tushunarli shaklda umumlashtirishi, savollar tuzishi va o‘qish uchun qo‘shimcha materiallar tayyorlashi mumkin.
Ayniqsa, bitiruv malakaviy ishi, magistrlik dissertatsiyasi yoki ilmiy maqola ustida ishlayotgan talabalar uchun bu vosita foydali bo‘lishi mumkin. Biroq AI bergan ma’lumotlarni manbalar bilan tekshirish va ilmiy ishda foydalanilgan materiallarni to‘g‘ri rasmiylashtirish muhim.
4. Google Flow orqali video va ijodiy loyihalar yaratish
Google Flow generativ sun’iy intellekt asosida vizual sahnalar va hikoyalar yaratishga yordam beradi. Bu imkoniyat videomontaj, media, dizayn, reklama va kontent yaratishga qiziqadigan talabalar uchun ayniqsa qiziqarli bo‘lishi mumkin.
5. Gmail ichida sun’iy intellekt imkoniyatlari
Obuna ayrim AI funksiyalaridan bevosita Gmail ichida foydalanish imkonini ham beradi. Bu elektron xatlarni yozish, matnlarni tartibga solish va yozishmalar bilan ishlashni yengillashtirishi mumkin.
Shuningdek, obuna doirasida sun’iy intellekt yordamida musiqa yaratish kabi ijodiy vositalardan foydalanish imkoniyatlari ham mavjud.
Bepul obunani qanday faollashtirish mumkin?
Buning uchun bir necha bosqichni bajarish kerak:
- Aileaders.uz saytiga kiring:
- Saytdagi Google Gemini AI Plus uchun taklifni toping va obunani faollashtirish bo‘limini oching.
- Talabalik maqomingizni tasdiqlash uchun SheerID verifikatsiyasidan o‘ting. Buning uchun tizim so‘ragan ma’lumotlarni kiriting.
- Talabalik maqomingiz tasdiqlangach, ko‘rsatilgan ko‘rsatmalar asosida bepul obunani faollashtiring.
Verifikatsiyadan o‘tish uchun talabalik maqomingizni tasdiqlovchi ma’lumotlar talab qilinishi mumkin. Shuning uchun ro‘yxatdan o‘tishda kiritiladigan ma’lumotlar ta’lim muassasangizdagi ma’lumotlarga mos bo‘lishiga e’tibor bering.
Muhim: obuna faqat talabalik maqomi muvaffaqiyatli tasdiqlanganidan keyin faollashtiriladi. Taklifning shartlari va foydalanish imkoniyatlarini faollashtirish sahifasida tekshirib oling.
Ilmira Alizoda