07:46, Oktabr 12, 2026
/
979

Nodavlat va xorijiy oliygohlar talabalari diqqatiga: 4 yil grantda o‘qishingiz mumkinligini bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, respublikamizda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga ajratilgan maqsadli davlat grantlari uchun tanlovda ishtirok etish bo‘yicha arizalarni qabul qilishga start berildi.

Grant uchun qabul 2026-yilning 10-oktyabridan 17-oktyabrga qadar davom etadi. Arizalar elektron tarzda my.uzbmb.uz rasmiy veb-sayti orqali topshiriladi.

Tanlovda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining O‘zbekistondagi filiallarida hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan va davlat granti kvotalari ajratilgan sohalarga qabul qilingan talabalar qatnashishlari mumkin. Bunda talabalar o‘zlari ta’lim olayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan fanlar majmuasidan saralash imtihonlarida qatnashadilar. Sinovlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladi.

Joriy yilda davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida mos fanlar bo‘yicha ishtirok etgan talabalar avval to‘plagan ballari bilan ham tanlovda qatnashish huquqiga ega.

Davlat grantlari belgilangan eng pastki o‘tish balini to‘plagan talabalar orasida to‘plangan ballarning yuqoriligiga qarab, ajratilgan joylar doirasida taqsimlanadi.

Tanlov natijalariga ko‘ra davlat grantini qo‘lga kiritgan talabalarga grant butun o‘qish davri uchun ajratiladi. Buning evaziga talabalar o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng davlat tashkilotlarida yoki davlat ulushi bo‘lgan korxonalarda kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladilar.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari