Navoiylik talaba 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 22 yoshli talaba qo‘shnisiga tegishli Nexia avtomobilini ruxsatsiz boshqarib ketgani uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Qarshi davlat texnika universitetining 4-bosqichida tahsil olgan yigit avtomobilni sevgan qizining oldiga borish uchun olib ketgan. Mashina egasi esa sudda unga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan. Biroq bu holat sud hukmiga ta’sir ko‘rsatmagan.
Voqea qanday sodir bo‘lgan?
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2026-yil 26-mart kuni kechqurun talaba sevgan qizi bilan telefonda gaplashgan. Qiz munosabatlarni tugatmoqchi ekanini bildirganidan so‘ng, yigit Qarshi shahriga, uning oldiga borishga qaror qilgan.
27-martga o‘tar kechasi soat 02:00 atrofida u qo‘shnisi H.B.ga tegishli Nexia avtomobilini uning ruxsatisiz boshqarib ketgan. Avtomobil uy darvozasi yonida ochiq holda, kaliti bilan qoldirilgan bo‘lgan.
Yigit soat 04:30 larda Muborak tumaniga yetib borgan, keyin esa Kasbi tumanida yashovchi do‘stining uyiga yo‘l olgan. U yerda dam olish uchun uxlab qolgan.
Mashinani qayerda qoldirgan?
Yigit uyg‘onganida amakisidan ichki ishlar organlari xodimlari uni va avtomobilni qidirayotgani haqida xabar olgan. Qo‘lga tushishdan qo‘rqqan u mashinani Muborak tumanidagi oshxona avtoturargohida qoldirib, taksida Qarshi shahriga ketgan.
Biroq u sevgan qizining oldiga bormagan. Suddagi ko‘rsatmasida yigit qizni ham tergov harakatlariga jalb qilishlaridan qo‘rqqanini bildirgan. O‘sha kuni ko‘chada tunab qolgan.
Ertasi kuni amakisi uni Qarshi shahridan topib, Muborak tumaniga olib kelgan va Qiziltepa tumani ichki ishlar organlari xodimlariga topshirgan.
Avtomobil egasi: “Bilganimda, 102 ga qo‘ng‘iroq qilmasdim”
Jabrlanuvchi H.B. sudda avtomobilini tunda kaliti bilan uyining darvozasi yonida qoldirganini, soat 04:00 atrofida uyg‘onganida esa mashina joyida yo‘qligini ko‘rganini aytgan. U avtomobilni noma’lum shaxs olib ketgan deb o‘ylab, 102 raqamiga murojaat qilgan.
Keyinchalik mashinani qo‘shnisi boshqarib ketgani aniqlangan.
Avtomobil egasining so‘zlariga ko‘ra, talaba avval ham uning roziligi bilan mashinani boshqarib yurgan. Ba’zan ruxsat so‘ramasdan olib ketgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu haqida xabar bergan. Biroq ilgari avtomobilni mahalla hududidan tashqariga olib chiqmagan.
“U mashinamni boshqarib ketganini bilganimda, holat yuzasidan ariza bermagan bo‘lardim”, degan jabrlanuvchi.
U yigitga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Dastlabki ayblov nima uchun o‘zgartirildi?
Tergov organi dastlab yigitning harakatlarini Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari bilan kvalifikatsiya qilgan. Ayblov avtomobilni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda, talon-toroj qilish maqsadida olib qochish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Bunga yigitning Kasbi tumanida yashovchi do‘sti bilan avval avtomobil oldi-sotdisi haqida gaplashgani sabab bo‘lgan.
Biroq sudda yigit va uning do‘sti avtomobilni o‘g‘irlash hamda sotish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirgani tasdiqlanmagan. Shu sababli sud qilmishni Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismidan ushbu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilgan.
Nega sud yengilroq jazo tayinlamadi?
Sud jazo tayinlashda yigitning 22 yoshda ekanini, ilgari sudlanmaganini, universitet talabasi ekanini, oilaviy sharoitini hamda jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini inobatga olgan.
Shunga qaramay, sud transport vositasini olib qochish og‘ir jinoyatlar toifasiga kirishi, shuningdek, bunday qilmish fuqarolarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligini qayd etgan. Shu asosda Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llash va yengilroq jazo tayinlashni lozim topmagan.
Sud hukmi
Sud hukmiga ko‘ra, talaba Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mazkur ishda jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi va avtomobil egasi yigitni avval ham mashinasini boshqarishga qo‘yib kelgani sud jarayonida qayd etilgan. Biroq bu holatlar avtomobilni uning roziligisiz olib ketish uchun huquqiy asos bo‘la olmagan.
Ilmira Alizoda