Turli viloyatlardagi talabalar faoliyat olib borgan narkoguruh fosh etildi (video)

Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga, xususan, ularning yoshlar orasida tarqalishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda narkoguruh 2006-yilda tug‘ilgan qiz va uning 2008-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan sherigi skotch bo‘lagidagi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Voyaga yetmagan qizning ijarada yashab kelayotgan uyidan sotish maqsadida saqlab kelingan 1 kg 259 gr sintetik giyohvandlik vositalari aniqlandi.
Shuningdek, o‘tkazilgan davomiy tadbirlarda Chirchiq shahrida yashovchi shaxs 2009-yilda tug‘ilgan qizni o‘zining jinoiy qilmishlariga jalb etib, 1988-yilda tug‘ilgan ayol bilan birgalikda 150 gr sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatib yurgan vaqtida qo‘lga olindi. Mazkur ayolning yashash xononidan 2 kg 850 gr mefedron, 200 gr alfa PVP, 200 gr geroin, shuningdek zip-paketlar, izolentalar va tarozilar topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Internetdagi narkodokonlar orqali faoliyat yuritayotgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilib, Qibray tumanida tarqatish maqsadida joylashtirilgan 4 ta manzildan 200 dona yelim o‘ramdagi giyohvandlik moddalari olindi. Aniqlanishicha, guruh а’zolari orasida Sirdaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan kelib o‘qiyotgan talabalar ham bo‘lgan. Ular o‘zlarining yashash manzillaridan Toshkent viloyati hududiga kelib, giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan hamda buni o‘zlarining daromad manbaiga aylantirgan.
Video👈
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 4 kg 700 gr giyohvandlik vositalari olinib, 245 000 dozaga teng giyohvandlik vositalarining tarqalishiga chek qo‘yildi. Hozirgi vaqtda mazkur narkodo‘kon orqali zaharli moddalarni yurdoshlarimiz orasida tarqalishiga keskin chek qo‘yish maqsadida aloqador shaxslar va jinoiy guruhlarni aniqlash bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar davom ettirilmoqda.
Ra’no Nusratilloyeva