13:52, Oktabr 15, 2026
/
218

“Dota”chilarga 20 million so‘m mukofot berildi

“Ziyo Forum” ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “ZIYO CUP” kibersport musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.

Dota 2 yo‘nalishi bo‘yicha kechgan qizg‘in bahslarda oliy ta’lim muassasalarining eng kuchli jamoalari strategik fikrlash, tezkor qaror qabul qilish va jamoaviy hamkorlik bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyon etishdi.

Turnir yakuniga ko‘ra, natijalar quyidagicha:

🥇 1-o‘rin: Puchon universiteti jamoasi

🥈 2-o‘rin: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)

🥉 3-o‘rin: British Management University

🏅 4-o‘rin: Amity universiteti

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar jami 20 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida, “ZIYO CUP” – bu “Ziyo Forum” fondi tomonidan talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va o‘zaro soha raqobatini rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladigan yirik ommaviy loyihadir. Turnir faqat kibersport bilan cheklanib qolmay, o‘z ichiga mini-futbol, stol tennisi kabi an’anaviy sport turlarini ham oladi.
Kibersport yo‘nalishi mavsumiy tizimda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bahorgi mavsumda Counter-Strike 2 (CS2), kuzgi mavsumda esa Dota 2 bo‘yicha respublika OTMlari o‘rtasida musobaqalar tashkil etiladi. Uning maqsadi yoshlarda jamoaviy ishlash, strategik fikrlash, tahliliy yondashuv va mantiqiy rejalashtirish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularni zamonaviy intellektual sport turlariga keng jalb etishdan iborat.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari