Diplomli talabalar ish yo‘qligi ortidan namoyishga chiqishdi

Albaniya poytaxti Tirana shahrida o‘n minglab namoyishchilar hukumatga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashdi. Ta’lim xarajatlarining oshishi, universitetlardagi sharoit va diplomli bitiruvchilarning ish topish muammosi bilan bog‘liq namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylandi.
Talabalar nimadan norozi?
14-oktyabr kuni Tiranada davom etgan namoyishlar keskin tus oldi. Namoyishchilar Ta’lim vazirligi binosi va ikkita bankka o‘t qo‘ygan, politsiya xodimlariga esa tosh va boshqa buyumlarni uloqtirgan.
Huquq-tartibot organlari olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 23 nafar politsiya xodimi va olti nafar fuqaro jarohat olgan. Shuningdek, 35 kishi qo‘lga olingan.
Talabalar noroziligining asosiy sabablari – oliy ta’lim xarajatlarining yuqoriligi, universitetlardagi sharoitning talabga javob bermasligi, moliyaviy yordam yetishmasligi va o‘qishni tamomlagandan keyin ish topish imkoniyatlarining cheklanganidir.
Namoyishchilar hukumatdagi korrupsiya holatlaridan ham norozilik bildirmoqda. Ayrim ishtirokchilar bosh vazir Edi Rama iste’fosini talab qilgan.
Namoyishlar ortida yana qanday sabablar bor?
Talabalar noroziligi Albaniyada bir necha oydan beri davom etayotgan hukumatga qarshi harakatlar fonida yuz bermoqda.
Avvalroq mamlakat janubidagi muhofaza qilinadigan hududda hashamatli kurort qurish loyihasi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan edi. AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan bog‘liq ushbu loyiha atrofidagi bahslar hukumatning shaffofligi va korrupsiyaga doir savollarni kuchaytirgan.
Dastlab ekologik masalalar bilan bog‘liq norozilik sifatida boshlangan harakat keyinchalik yoshlarning imkoniyatlari, ijtimoiy tengsizlik va hukumat faoliyatiga oid kengroq talablarni ham qamrab olgan.
Shu sababli bugungi namoyishlar faqat universitetlardagi muammolar bilan cheklanmayapti. Ular yoshlarning mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatga munosabatini ham aks ettirmoqda.
Hukumat va Yevropa Ittifoqining munosabati qanday?
Albaniya bosh vaziri Edi Rama hukumati zo‘ravonlik holatlarini qoraladi. Bosh vazir o‘rinbosari Albana Kociu norozilik bildirish qonuniy huquq ekanini, biroq bu huquq shaharni vayron qilish yoki jamoat mulkiga zarar yetkazishni oqlamasligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqining Albaniyadagi delegatsiyasi ham voqealardan xavotir bildirdi. Tashkilot namoyishchilarga nisbatan politsiya tomonidan haddan tashqari kuch ishlatilgani haqidagi da’volar yuzasidan tezkor tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.
Albaniyadagi voqealar Yevropada ta’lim sifati va yoshlarning yashash sharoitlariga oid noroziliklar kuchayayotgan bir paytda yuz bermoqda. Fransiyada ham maktab o‘quvchilari ta’lim muassasalaridagi sharoitni yaxshilash, ko‘proq o‘qituvchi jalb qilish va eskirgan binolar muammosini hal etish talabi bilan namoyishlar o‘tkazgan.
Ilmira Alizoda