14:33, Oktabr 16, 2026
/
325

Kelasi o‘quv yilidan boshlab ayrim sohalar uchun qabul kvotalari oshiriladi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar ham o‘rin olgan mazkur tadbir davomida soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha muhim tashabbuslar ma’lum qilindi.

Uchrashuvda yangi barpo etilayotgan energiya obyektlarining samarali ishlashi bevosita malakali mutaxassislarga bog‘liqligi alohida ta’kidlandi. Hozirda Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Sirdaryodagi texnikumlarni zamonaviy jihozlab, har yili yuzlab yoshlarni energetikaning yangi yo‘nalishlariga o‘qitishni boshlamoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbari boshqa investorlarni ham o‘z loyihalari uchun xalqaro talablarga mos mutaxassislar tayyorlashda faol ishtirok etishga chaqirdi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida investorlarga joylardagi texnikumlarni boshqaruvga berishga tayyorlik bildirildi.

Sohani yana-da rivojlantirish maqsadida kelgusi o‘quv yilidan boshlab mahalliy oliy ta’lim muassasalarida energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi. Bundan tashqari, dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun har yili 50 nafar yoshga davlat granti ajratilishi ham e’lon qilindi.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari