Namangan davlat pedagogika institutida yong‘in sodir bo‘ldi (video)

Namangan davlat pedagogika institutining o‘quv binosidagi faollar zalida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa 18-oktyabr kuni tongda yuz bergan. Yong‘in qariyb 30 daqiqada bartaraf etilgan, jabrlanganlar yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda institut hududida yuz bergan yong‘in aks etgan videolar tarqaldi. Institut axborot xizmati hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in 18-oktyabr kuni soat 05:10 atrofida o‘quv binosidagi 260 o‘rinli faollar zalida boshlangan.
Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida olov soat 05:40 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘inning binoning boshqa qismlariga tarqalishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Hozirda yong‘in sabablari va boshqa tafsilotlarni aniqlash bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Institut ma’muriyati qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq taqdim etilishini bildirgan.
Ilmira Alizoda