10:50, Oktabr 19, 2026
/
247

Endi nodavlat OTMlarda ham profilaktika inspektorlari bo‘lishi mumkin

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Nodavlat ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga asosan, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab O‘zbekistondagi nodavlat (xususiy) oliy ta’lim tashkilotlarida huquqni muhofaza qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida yangi lavozimlar joriy etilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar talabalarning xavfsiz ta’lim muhitida o‘qishini ta’minlashga qaratilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, o‘z mablag‘lari hisobidan har bir oliy ta’lim tashkilotida Profilaktika katta inspektori hamda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar shtat birliklari ochilishiga ruxsat beriladi. Bu xodimlar bevosita o‘quv dargohining o‘zida xizmat olib borib, kundalik faoliyatini universitet ma’muriyati, “mahalla yettiligi” va jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda tashkil etadi.

Talabalar balansi bo‘yicha profilaktika katta inspektorlari huquqbuzarlik sodir etgan yoki huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan talabalar ro‘yxatini universitet mas’ullariga taqdim etib boradi. Talabalar xavfsizligi oyligi doirasida har yili o‘quv yili boshida, aniqrog‘i 15-sentyabrdan 15-oktyabrga qadar barcha oliy ta’lim muassasalarida maxsus “Talabalar xavfsizligi” oyligi o‘tkazib boriladi. Shuningdek, OTMlarda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida hayot va sog‘likka qarshi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan “Tig‘” hamda axloq-odob doirasidagi qoidabuzarliklarning oldini oluvchi “Oriyat” kabi maxsus tadbirlar amalga oshiriladi. Ichki ishlar xodimlarini o‘z xizmat faoliyati yo‘nalishiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa tadbirlarga jalb etish esa qat’iyan taqiqlanadi.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari