Prezident Samarqandda: viloyat oliy ta’limi tizimini raqamlarda ko‘rib chiqamiz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktyabr kuni Samarqand viloyatiga ikki kunlik tashrif bilan bordi. Tashrif davomida davlat rahbari hududdagi transport infratuzilmasi va zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishadi.
Shu munosabat bilan Samarqand oliy ta’lim tizimining bugungi manzarasini raqamlar orqali ko‘zdan kechirdik.
Samarqand talabalar soni bo‘yicha yetakchi
Ta’lim statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlarida 194 971 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu mamlakatdagi barcha talabalarning 10,4 foizi demakdir.
Mazkur ko‘rsatkich bilan Samarqand hududlar orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Har ikki talabadan biri – qiz
Samarqand OTMlarida qizlar soni yigitlarnikidan ko‘p. Viloyatda 105 368 nafar ayol va 89 603 nafar erkak talaba o‘qiydi.
Shunday qilib, talabalarning 54 foizini ayollar, 46 foizini esa erkaklar tashkil etadi.
Har 100 talabadan 95 nafari bakalavr
Viloyat oliy ta’limida bakalavriat asosiy ulushga ega. Bu bosqichda 185 921 nafar talaba tahsil olmoqda.
Magistraturada 8 187 nafar, ordinaturada esa 863 nafar talaba o‘qiydi. Ulushlar mos ravishda 95 foiz, 4 foiz va 1 foizdan kamni tashkil etadi.
Talabalarning 91 foizi kontrakt asosida o‘qiydi
To‘lov shakli bo‘yicha ham raqamlar e’tiborga molik. Samarqand viloyatida 177 826 nafar talaba kontrakt, 17 145 nafari esa davlat granti asosida tahsil oladi.
Demak, har 10 talabadan qariyb 9 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydi. Grant asosida ta’lim olayotganlar ulushi esa 9 foizni tashkil etadi.
Birinchi kurs talabalari boshqalardan ancha ko‘p
Kurslar kesimida eng katta ko‘rsatkich birinchi kursga to‘g‘ri keladi. Bu bosqichda 66 777 nafar talaba o‘qiydi. Ular viloyatdagi jami talabalarning qariyb 34 foizini tashkil etadi.
Keyingi kurslardagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:
– 2-kurs – 40 906 nafar;
– 3-kurs – 35 695 nafar;
– 4-kurs – 32 476 nafar;
– 5-kurs – 17 890 nafar;
– 6-kurs – 1 227 nafar.
Birinchi kurs talabalari soni ikkinchi kursdagilardan qariyb 1,6 baravar ko‘p. Biroq bu farqning o‘zi qabul ko‘lami aynan so‘nggi yilda oshganini tasdiqlamaydi: buning uchun qabul yillari bo‘yicha alohida ma’lumotlar ham zarur.
Talabalarning 60 foizi kunduzgi ta’limda
Samarqand OTMlarida eng keng tarqalgan ta’lim shakli – kunduzgi ta’lim. Unda 117 941 nafar talaba, ya’ni jami talabalarning qariyb 60 foizi o‘qiydi.
Boshqa ta’lim shakllaridagi ko‘rsatkichlar:
– Sirtqi – 47 130 nafar (24 foiz);
– Kechki – 18 578 nafar (10 foiz);
– Masofaviy – 7 765 nafar (4 foiz).
Bundan tashqari, talabalar ikkinchi oliy ta’lim, dual va qo‘shma dasturlar hamda maxsus sirtqi ta’lim shakllarida ham tahsil oladi. Jumladan, 1 247 nafar talaba sirtqi ikkinchi oliy ta’limda, 778 nafari dual ta’limda, 583 nafari esa kunduzgi qo‘shma dasturlarda o‘qiydi.
Talabalarning 87 foizi 30 yoshga to‘lmagan
Viloyat OTMlarida tahsil olayotganlarning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. 169 656 nafar talaba 30 yoshgacha, 25 315 nafari esa 30 yoshdan katta.
Boshqacha aytganda, Samarqanddagi har 100 talabadan qariyb 87 nafari 30 yoshga to‘lmagan.
Samarqandda 4 220 nafar xorijlik talaba o‘qiydi
Viloyat oliy ta’lim tashkilotlarida xorijiy fuqarolar ham tahsil olmoqda. Ularning soni 4 220 nafar bo‘lib, jami talabalarning qariyb 2 foizini tashkil etadi.
Talabalarning asosiy qismi – 190 747 nafari O‘zbekiston fuqarolari. Shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan 4 nafar shaxs ham viloyat OTMlarida o‘qiydi.
Talabalarning 44 foizi talabalar turar joyida yashaydi
Yashash joyi bo‘yicha eng katta ikki guruh deyarli teng. 85 938 nafar talaba talabalar turar joyida, 85 387 nafari esa o‘z uyida yashaydi. Har ikki guruh jami talabalarning qariyb 44 foizini tashkil etadi.
Bundan tashqari, 21 265 nafar talaba ijarada, 2 151 nafari qarindoshlarinikida, 230 nafari esa tanishlarinikida istiqomat qiladi.
Viloyatda 11 ta OTM faoliyat yuritadi
Samarqand viloyatida jami 11 ta oliy ta’lim tashkiloti mavjud. Ularning 10 tasi davlat, bittasi esa nodavlat OTM hisoblanadi.
Davlat oliy ta’lim tashkilotlari:
– Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti;
– Samarqand davlat tibbiyot universiteti;
– Samarqand davlat texnika universiteti;
– “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti;
– Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti;
– Samarqand davlat pedagogika instituti;
– Samarqand davlat chet tillar instituti;
– Samarqand iqtisodiyot va servis instituti;
– Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti;
– Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti.
Nodavlat sektorda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ilmira Alizoda