Hamma fandan ham oraliq nazorat topshirish shart emas

Ayni kunlarda oliy ta’lim tashkilotlarida “oraliqlar mavsumi” boshlanish arafasida (hatto ba’zilarida allaqachon boshlangandir). Talabalar fanlardan yozma, og‘zaki yoki test shaklidagi sinovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq ko‘pchilik bilmaydigan bir jihat bor: qonunchilikka ko‘ra, ayrim fanlardan oraliq nazorat umuman o‘tkazilmaydi. Xo‘sh, bu qaysi fanlarga tegishli?
Qaysi fanlardan oraliq nazorat o‘tkazilmaydi?
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi 3069-sonli nizomning 9-bandiga ko‘ra, semestr davomida haftasiga 2 akademik soatdan kam bo‘lgan fanlar bo‘yicha oraliq nazorat o‘tkazilmaydi.
Tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlari uchun esa alohida me’yor belgilangan. Ularda haftasiga 4 akademik soatdan kam bo‘lgan fanlardan oraliq nazoratlar olinmaydi.
Masalan, ushbu nizom asosida baholanadigan talabaning biror fani haftasiga atigi 1 akademik soat o‘tilsa, mazkur fandan oraliq nazoratlar tashkil etilmaydi. Ammo fan uchun haftasiga 2 akademik soat ajratilgan bo‘lsa, yuqoridagi istisno unga tatbiq etilmaydi.
Shu o‘rinda, 1 para va 1 akademik soat farqini ham tushunib olish lozim. 1 akademik soat – 45 daqiqa, 1 para esa 2 akademik soat, ya’ni 90 daqiqa hisoblanadi. Demak, haftasiga 1 para dars o‘tiladigan fanlarga yuqoridagi istisno tatbiq etilmaydi.
Bir semestrda nechta oraliq nazorat bo‘lishi mumkin?
Nizomning 7-bandida bu savolga ham javob berilgan. Unga ko‘ra, har bir fan bo‘yicha semestr davomida ko‘pi bilan 2 marta oraliq nazorat o‘tkazilishi mumkin. Nazoratning shakli va muddati fanning xususiyati hamda unga ajratilgan soatlardan kelib chiqib, tegishli kafedra tomonidan belgilanadi.
Nizomning 10-bandiga muvofiq, talabani oraliq nazoratlar bo‘yicha baholashda uning o‘quv mashg‘ulotlari davomida olgan baholari ham inobatga olinadi.
Demak, semestr davomida amaliy va seminar mashg‘ulotlarida olgan baholar ham oraliq nazoratning natijasiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois talabalar faqat nazorat kunidagi sinovga emas, semestr davomidagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ham e’tibor qaratishi lozim.
Bu qoidalar barcha oliygohlarga tegishlimi?
Yo‘q, bu yerda muhim istisno mavjud.
3069-sonli nizomning 2-bandiga ko‘ra, mazkur talablar qonunchilikka muvofiq o‘quv jarayoni modul tizimiga asoslangan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashga tatbiq etilmaydi.
Bunday oliygohlarda nazorat shakllari, ularning soni va baholash mezonlari tegishli ta’lim tizimi hamda belgilangan tartiblar asosida aniqlanadi.
Shuning uchun talaba o‘z fanidan oraliq nazorat o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligini aniqlashdan avval oliygohida amal qilayotgan baholash tizimi, fan sillabusi va o‘quv rejasidagi soatlar bilan tanishishi kerak.
Xulosa qilib aytganda, barcha fanlardan oraliq nazorat topshirish hamma talabalar uchun birdek majburiy emas. Bu, avvalo, fanga ajratilgan akademik soatlar hamda oliy ta’lim tashkilotida amal qilayotgan baholash tizimiga bog‘liq.
Ra’no Nusratilloyeva