12:45, Oktabr 20, 2026
/
355

BuxDTI qoshida yangi tadqiqot markazi ochiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktyabrdagi 575-sonli qarori bilan Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Qaror doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida davlat muassasasi shaklidagi Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi belgilandi. Bu markaz Ibn Sino tabobatini zamonaviy tibbiyot bilan integratsiya qilish, noyob qo‘lyozmalarning raqamli platformasini yaratish hamda bo‘lajak shifokorlar va iqtidorli talabalar uchun maxsus mahorat darslarini o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Akademik manbalar bazasini boyitish maqsadida allomaning “Mavjaz al-Qonun”, “Qonuncha”, “Kitob ash-Shifo” kabi fundamental asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ularning bosma va elektron nusxalari oliygohlar kutubxonalariga taqdim etiladi. Toshkent va viloyatlardagi barcha oliy tibbiyot ta’lim muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ochiq ma’ruzalar hamda ko‘rgazmalar o‘tkazib boriladi.

Shuningdek, 2026-yilning oktyabr oyida Toshkentda xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etilib, xorijdagi noyob manbalarni o‘rganish uchun universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy ekspeditsiyalari yo‘lga qo‘yiladi. Sohada yuqori natijalarga erishgan izlanuvchi olimlar va iqtidorli talabalarni munosib rag‘batlantirish uchun esa “Ibn Sino” xalqaro mukofoti ta’sis etiladi.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari