Oraliqlar mavsumi: talabalarda qanday savollar bor?

Oliy ta’lim tashkilotlarida “oraliqlar mavsumi” boshlangani (yoki davom etayotgani) munosabati bilan talabalardan eng ko‘p kelgan savollarga qonunchilik asosida qisqa hamda aniq javoblar beramiz.
Semestr davomidagi baholar oraliq nazoratga ta’sir qiladimi?
– Ha, o‘quv mashg‘ulotlarida olingan baholar oraliq nazorat natijasini belgilashda inobatga olinadi.
Oraliqdan 2 olgan talaba yakuniyga kiradimi?
– Yo‘q, oraliq nazoratdan 2 olgan yoki uni topshirmagan talaba yakuniy nazoratga kiritilmaydi.
Bahodan norozi talaba qancha vaqtda apellyatsiya berishi mumkin?
– Natija e’lon qilinganidan boshlab 24 soat ichida apellyatsiya berish mumkin va murojaat 2 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.
Bir semestrda nechta oraliq nazorat bo‘lishi mumkin?
– Har bir fandan ko‘pi bilan 2 marta oraliq nazorat o‘tkazilishi mumkin.
Kasallik sabab oraliqqa kirmagan talaba nima qiladi?
– Uzrli sabab mavjud bo‘lsa, fakultet dekanining farmoyishi asosida nazoratni boshqa muddatda topshirishga ruxsat beriladi.
O‘qituvchi qo‘ygan bahoni o‘zgartirish mumkinmi?
– Bahodan norozi talaba apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi mumkin, biroq baho avtomatik o‘zgartirilmaydi, komissiya tegishli qaror qabul qiladi.
Oraliqdan yiqilgan talaba necha marta qayta topshirishi mumkin?
– Belgilangan muddatda ko‘pi bilan 2 marta qayta topshirishga ruxsat etiladi, ikkinchi urinish komissiya tomonidan baholanadi.
Oraliq nazorat natijasi bekor qilinishi mumkinmi?
– Ha, nazoratni o‘tkazish tartibi buzilganligi aniqlansa, natijalar bekor qilinib, nazorat qaytadan o‘tkazilishi mumkin.
Oraliq nazorat shaklini kim belgilaydi?
– Oraliq nazoratning shakli va muddati fanning xususiyati hamda ajratilgan soatlardan kelib chiqib, tegishli kafedra tomonidan belgilanadi.
Oraliqdan 3 olish umumiy bahoni qancha pasaytiradi?
– Barcha OTMlar uchun yagona foiz mavjud emas, natija qo‘llanilayotgan baholash tartibiga bog‘liq; 3069-sonli nizomda oraliq bahoni yakuniy bahoga qo‘shishning yagona foizli formulasi belgilanmagan.
Oraliqdan oldin nega fan sillabusini tekshirish kerak?
– Chunki kredit-modul tizimida talabalar fan sillabusida belgilangan baholash tartibi asosida baholanadi.
Ra’no Nusratilloyeva