08:11, Noyabr 2, 2026
/
534

“Yuridiçeskiy”ning yotoqxonasi sotuvga qöyildi!

Toshkent davlat yuridik universitetining 2-sonli talabalar turar joyi 195,66 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan “E-auksion” platformasida savdoga chiqarildi. Olmazor tumanida, 1 gektardan ortiq maydonda joylashgan obyekt xaridorga undan foydalanayotgan davlat tashkilotlari universitetning Yangi Toshkentdagi kampusiga ko‘chib o‘tganidan keyingina topshiriladi.

Savdoga qo‘yilgan obyekt Ziyo mahallasi, Talabalar ko‘chasi, 2-uy manzilida, Kichik halqa avtomobil yo‘li kesishmasi yaqinida joylashgan. U universitetga qarashli to‘rtta talabalar yotoqxonasi majmuasi tarkibiga kiradi.

Obyektning umumiy yer maydoni 1,0167 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 8 972 kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua suv, gaz, elektr energiyasi va kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan.

Auksion savdolari 2026-yil 4-noyabr kuni soat 10:00 da boshlanadi. Unda ishtirok etish uchun boshlang‘ich narxning 3 foizi miqdorida, ya’ni 5,87 milliard so‘m zakalat to‘lash talab etiladi.

Mazkur davlat aktivini xususiylashtirish Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi 361-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror yopiq tarzda qabul qilingan va hozircha “Lex.uz” qonunchilik bazasida ochiq e’lon qilinmagan.

Auksionning muhim shartlaridan biri shuki, obyekt xaridorga darhol bo‘shatib berilmaydi. Undan foydalanayotgan davlat tashkilotlari TDYUUning Yangi Toshkentdagi yangi kampusiga to‘liq ko‘chib o‘tganidan keyingina bino xaridorga topshiriladi. Biroq ko‘chib o‘tish va obyektni topshirishning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.

Ma’lumot uchun, Toshkent davlat yuridik universitetining Yangi Toshkent hududida zamonaviy kampusini barpo etish prezidentning 2025-yil 26-noyabrdagi farmonida nazarda tutilgan. Loyiha 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy banklar hamda qurilish kompaniyalari mablag‘larini jalb etish rejalashtirilgan.

Ilmira ALIZODA

Fikrlar (0)
Avval yangilari