10:22, Noyabr 4, 2026
/
1,6 тыс

Sun’iy intellektni bepul örganib, qimmatbaho sovğalar yutib oliş mumkin

Özbekistonda “Beş million sun’iy intellekt yetakçilari” loyihasi doirasida har yili 250 nafar faol talaba qimmatbaho sovğalar bilan taqdirlanadi. Mukofotlar orasida 100 ta noutbuk, planşetlar va aqlli soatlar ham bor.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-dekabrdagi 849-son qaroriga muvofiq, “Beş million sun’iy intellekt yetakçilari” loyihasi doirasida har yili milliy tanlov ötkaziş va eng yuqori natijalarga erişgan yoşlarni rağbatlantiriş belgilangan.

Oliy ta’lim muassasalarining rasmiy sahifalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga köra, “Eng faol iştirokçi” yö­nalişida 250 nafar talaba quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanişi nazarda tutilgan:

  • 100 ta noutbuk – har biri 20 BHMgaça;
  • 30 ta planşet – har biri 10 BHMgaça;
  • 30 ta aqlli soat – har biri 3 BHMgaça;
  • 60 ta ta’lim platformasi litsenziyasi – har biri 2 BHMgaça;
  • 30 ta kitob vauçeri – har biri 1 BHMgaça.

Tanlovda iştirok etiş uçun talabalar dastlab aileaders.uz platformasida röyxatdan ötişi va Coursera platformasining 5 ta bepul onlayn kursini muvaffaqiyatli yakunlaşi kerak.

Şundan söng nomzodlarning xorijiy til bilişi, axborot texnologiyalari sohasidagi iş faoliyati, xalqaro olimpiada va tanlovlardagi yutuqlari baholanadi.

Talabalar jami 100 ballgaça töplaşi mumkin. Ballar quyidagi tartibda beriladi:

Xorijiy til sertifikati – 30 ballgaça:

  • B2 darajasi – 15 ball;
  • C1 va undan yuqori daraja–30 ball.

Axborot texnologiyalari sohasida işlaş – 30 ballgaça:

  • AT sohasida işlaş – 15 ball;
  • AT xizmatlarini eksport qiluvçi kompaniyada işlaş – 30 ball.

Xalqaro olimpiada va tanlovlardagi yutuqlar – 40 ballgaça:

  • ICPC mintaqaviy bosqiçida qatnaşiş – 20 ball;
  • ICPC final bosqiçida qatnaşiş – 30 ball;
  • Belgilangan nufuzli xalqaro tanlovlarda ğoliblik – 40 ball.

Eng yuqori ball töplagan talabalar reyting asosida qimmatbaho sovğalar bilan taqdirlanadi. Bunda beşta onlayn kursni tugatişning özi noutbuk olişni kafolatlamaydi.

Tanlov natijalari har bir kalendar yil böyiça hisoblanadi. Ğoliblarni keyingi yilning birinçi çoragida e’lon qiliş nazarda tutilgan.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari