Ikki talaba tiriklayin yonib ketdi

AQŞdagi Ogayo ştati universitetida talabalar birodarligi tadbirida ikki yigitning kiyimiga olov tuşdi. Atrofdagilarning ayrimlari esa ularni qutqariş örniga tomoşa qildi. Voqea ortidan politsiya talabalar xavfli sinovlarga majburlangan bölişi mumkinligini tekşirmoqda.
2026-yil 7-noyabr kuni AQŞning Ogayo ştati Kolumbus şahrida, Ogayo ştati universiteti bilan boğliq Sigma Alpha Epsilon talabalar birodarligi binosi hududida ikki talaba kuyib jarohatlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir yigitning sport şimiga olov tuşgani, u vahima içida boşqa talabaga urilib, uning kiyimiga ham olov ötgani aks etgan. Ikki yigit yerda dumalab, yonayotgan kiyimlarini yeçişga uringan. Atrofdagilarning ayrimlari esa yordam beriş örniga voqeani tomoşa qilib, kulgan.
Kolumbus politsiyasining dastlabki ma’lumotlariga köra, jabrlanuvçilar ikkinçi va uçinçi darajali kuyiş jarohatlarini olgan. Hodisa haqida politsiyaga faqat bir kun ötib xabar berilgan.
Politsiyaga bir kun ötib xabar berilgan
Huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan talaba qiz voqeani şaxsan körmagan, videoni talabalar guruhidagi yozişmalardan olgan. U favqulodda xizmatga qilgan qönğiroğida yigitlarga benzin sepilib, söng olov yoqilganini aytgan.
Biroq benzin işlatilgani haqidagi ma’lumot hozirça rasman tasdiqlanmagan. Politsiya hodisa sabablarini va talabalar xavfli sinovlarga majburlangan yoki majburlanmaganini tekşirmoqda.
Universitet taşkilot faoliyatini töxtatdi
Video tarqalganidan söng Ogayo ştati universiteti Sigma Alpha Epsilon taşkilotining öz hududidagi bölimi faoliyatini vaqtinça töxtatdi.
Universitet vakili Benjamin Johnson hodisani “juda xavotirli” deb baholadi. Taşkilot rahbariyati esa a’zolar belgilangan xulq-atvor qoidalariga rioya qilişi şartligini bildirib, universitet va politsiya bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.
Politsiya taşkilotning universitetdagi bölimi rahbari George Limperis bilan ham suhbatlaşgan. Bu holat uning aybdor deb topilganini anglatmaydi.
Taşkilot avval ham mojarolarga sabab bölgan
1856-yilda taşkil etilgan Sigma Alpha Epsilon AQŞdagi yirik talabalar birodarliklaridan biri hisoblanadi. Biroq uning ayrim bölimlari yangi a’zolarni qabul qiliş jarayonidagi tahqirlaş va xavfli sinovlar sabab tanqidga uçragan.
The Lantern naşri arxivlariga köra, Ogayo ştati universitetidagi bölim 2001-yildan buyon kamida yetti marta intizomiy jazoga tortilgan. Qoidabuzarliklar orasida spirtli içimliklar iste’moli, yangi a’zolarni tahqirlaş va talabalar xavfsizligiga tahdid soluvçi holatlar bor.
Taşkilotning milliy rahbariyati 2014-yilda yangi a’zolarni qabul qilişdagi an’anaviy sinovlarni bekor qilişini e’lon qilgan edi. Bunga jarohatlaniş va ölim bilan yakunlangan holatlar sabab bölgan.
“Hazing” uçun qanday jazo bor?
AQŞda “hazing” deb ataladigan holat talabalarni taşkilotga qabul qiliş yoki unda a’zolikni davom ettiriş şarti bilan kamsitiş, qörqitiş, tahqirlaş yoxud jismoniy va ruhiy zarar yetkazişi mumkin bölgan topşiriqlarni bajarişga majburlaşni anglatadi.
Ogayo ştatida 2021-yilda “Collin’s Law” qabul qilingan. U talabalar birodarligi bilan boğliq tahqirlaş oqibatida vafot etgan Collin Wiant nomi bilan atalgan. Qonun bunday xavfli harakatlar uçun javobgarlik belgilaydi.
2024-yilda esa AQŞda “Stop Campus Hazing Act” federal qonuni qabul qilindi. U universitetlardan talabalarni tahqirlaş holatlari va ular böyiça körilgan çoralar haqidagi ma’lumotlarni oçiqlaşni talab qiladi.
Hozirda politsiya, universitet xavfsizlik xizmati va yonğin xavfsizligi mutaxassislari hodisani örganmoqda. Yigitlarning kiyimiga olov qanday tuşgani va ular xavfli sinovga majburlanganmi – tekşiruv yakunida aniqlanişi kutilmoqda.
Ilmira ALIZODA