09:36, Iyul 10, 2025
/
177

Kasb tanlashdagi eng muhim qoidalar

Har yili yoz kelishi bilan bugungi avlod abituriyentlari muhim savol ustida bosh qotira boshlaydilar: “Qaysi yo‘nalishga topshiraman?”. Aynan kasb tanlash qarori keyingi 30–40 yillik hayot tarzingizga bevosita ta’sir qiladi.

Ushbu maqolada kasb tanlash jarayonida o‘zingizga berishingiz lozim bo‘lgan eng muhim savollarni ko‘rib chiqamiz.

“Men nimani yaxshi bajara olaman?”

Bu savol oddiy ko‘rinadi, lekin yaxshigina tahlilni talab qiladi. Har kimda o‘ziga xos qobiliyat bor. Kimdir texnikalarni yaxshi tushunadi, kimdir insonlar bilan ishlashni yoqtiradi, boshqasi esa ijod qilishni sevadi.

Misol uchun: Analitik fikrlovchi bo‘lsangiz, matematika, iqtisod, muhandislik sohalari siz uchun mos bo‘lishi mumkin. Ijodiy tafakkurga ega bo‘lsangiz, jurnalistika, dizayn, kino, san’at sohalari haqida o‘ylab ko‘ring. Odamlar bilan ishlashni yoqtirsangiz, psixologiya, pedagogika, menejment sohalari sizga to‘g‘ri keladi. Eng avvalo, “Men qaysi ishda vaqtni unutib, rohatlanaman?” degan savolni o‘zingizga bering. Shunda qalb kasbingizni topish osonroq bo‘ladi.

Mehnat bozori nimani talab qilyapti?

Kasb tanlayotganda faqat orzu emas, real ehtiyojlarni ham hisobga olish kerak. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va dunyo bozorida quyidagi sohalarga talab oshgan:

1. IT va sun’iy intellekt: dasturlash, raqamli xavfsizlik, data analitika

2. Tibbiyot: umumiy amaliyot, reabilitologiya, psixiatriya

3. Texnik sohalar: energetika, avtomatlashtirish, qurilish

4. Ta’lim va til o‘rgatish

Men qanday yashashni xohlayman?

Kasb tanlash faqat daromad emas, balki u hayot tarzingizni belgilaydigan muhim qaror. Siz ofisda o‘tirishni yoqtirasizmi? Sayohat qilishni xohlaysizmi? Mustaqil ishlashmi yoki jamoaviy kasb ma’qulmi? Bu savollarga aniq javobinggiz bo‘lishi kerak. O‘zingizni 10 yildan keyin qanday hayot kechirayotganingizni ko‘z oldingizga keltiring. Bu xohishlaringizni aniqlashga yordam beradi.

Bu chindan mening qarorimmi?

Ko‘p abituriyentlar tanlovni boshqalarning istaklariga asoslanib qiladi. “Ota-onam shuni xohlayapti”, “Do‘stim shu yo‘nalishda ketayapti” v.h. Eng muhimi qaror faqat sizniki bo‘lishi kerak. Siz tanlagan yo‘nalish sizga yoqmasa, har kuni o‘sha hayotda yashash azobga aylanishi mumkin.

Kasb tanlash bir kunlik ish emas. U sizni charchatmasligi, balki ilhomlantirishi kerak. Unga faqat daromad sifatida qaramang.

Fikrlar (0)
Avval yangilari