15:06, Iyul 10, 2025
/
164

Dunyoning eng qadimgi universitetga asos solgan ayol

Dunyoda shunday joylar borki, siz-u bizdan yoshi ulug‘roq. Ulardan biri al-Qarawiyyin universiteti. U hozirgi Marokashning Fes shahrida joylashgan va dunyoning eng qadimgi, hali ham faoliyat yuritayotgan ta’lim maskani sifatida tan olingan. Lekin bu maqola faqat eski binolar va chang bosgan qo‘lyozmalar haqida emas. Bir ayol boshlagan inqilob haqidagi eng ta’sirli hikoya.

Tasavvur qiling IX asr. Hali Yevropaning ko‘p qismi zulmatda, ko‘chalar loy, bilim esa zodagonlar qo‘lida. Shunda Tunislik bir ayol, Fatima al-Fihri boyliklarini jamlab, xalq uchun ochiq madrasa (diniy maktab) va masjid quradi. Bu madrasa keyinchalik al-Qarawiyyin universitetiga aylanishini kim o‘ylabdi deysiz? 859-yilda asos solingan bu ta’lim markazi bugungi kungacha ish faoliyatini to‘xtatmagan. Ha, 1 100 yildan beri majoziy ma’noda, yashab kelayotgan manzil bu. Bu dargohda faqat din emas, matematika, tibbiyot, astronomiya, tilshunoslik, mantiq kabi ko‘plab fanlar ham o‘qitilgan.

Tarixda bu yerda Ibn Xaldun, Al-Idrisiy, hattoki Papa Silvester II kabi mashhur shaxslar ta’lim olgan. Yevropaliklar bu yerda arab raqamlari, algebra, hatto “nol” tushunchasini o‘rganib, ularni G‘arbga olib ketgan.
Xullas, bu joy ilmiy “eksport markazi” bo‘lgan desak, yanglishmaymiz.

Talabalar muallim atrofida doira bo‘lib o‘tirib, darsni muloqot orqali o‘rganishgan. Bu esa zamonaviy “seminar”larga o‘xshaydi. Shunchalik ilg‘or yondashuvki, bugungi talabalik hayoti bilan qiyoslasak, ayrim universitetlar hali ham bu darajaga chiqmagan.

Endi o‘ylab ko‘rdingizmi bundan 1000 yil oldin, bugun ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydigan ishni ayol sifatida, Fatima al-Fihri uddalay olgan. Uni “dunyo tarixidagi birinchi ayol universitet asoschisi” deb tan olishgan. Agar siz hamma narsa ilg‘orlashib ketgan davrda yashayotgan avlod vakili sifatida ham qaysidur ishni “uddalay olarmikanman?” deb o‘tirgan bo‘lsangiz, do‘stim yana shu savol oldida ojiz qolgan paytingiz, biz so‘zlab bergan bu hikoyani eslang!

Fikrlar (0)
Avval yangilari