Talabalar eng ko‘p ruhiy bosimga uchraydigan oylik davrlar

Ko‘pchilik uchun talabalik yillari hayotdagi eng qiziqarli payt bo‘lib tuyuladi. Ammo statistik faktlar boshqa haqiqatni ochib bermoqda. Bu davr ko‘plab yoshlar uchun stress, xavotir va psixologik bosim bilan to‘lgan murakkab jarayon bo‘lishi mumkin. Xususan, yilning ma’lum oylari bor, unda talabalar stressga eng yuqori darajada uchraydi. Bu maqolada sabablar va bu holatni qanday yengish mumkinligi haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Stress cho‘qqisi aynan qaysi oylarga to‘g‘ri keladi?
Dekabr va may
Bu ikki oy deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida yakuniy imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Talabalarda raqobat, vaqt yetishmasligi va yuqori natijalar uchun bosim eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. AQShdagi American College Health Association (2023) hisobotiga ko‘ra, talabalarning 64% dan ortig‘i aynan dekabr va may oylarida yuqori stress yoki xavotir holatini boshdan kechirganini bildirgan.
Sentyabr
O‘quv yili boshlanishi, yangi fanlar va muhit talabaning ruhiy salomatligiga katta bosim qiladi. Ayniqsa birinchi kurs talabalari uchun bu oy psixologik sinovga aylanishi mumkin. Student Minds UK tashkiloti 2023-yilgi tahlilida 10 mingdan ortiq talaba orasida o‘tkazilgan so‘rovda, 42% ishtirokchi sentyabr oyini eng noqulay, xavotirli oylardan biri deb baholagan.
Mart va aprel
Bu davrda talabalarning asosiy diqqat markazida oraliq imtihonlar, laboratoriya ishlari, kurs loyihalari va boshqa topshiriqlar turadi. Ular o‘quv jarayonining markazida turgani uchun vaqt taqsimoti, intizom va e’tibor eng yuqori darajada talab qilinadi. Ko‘plab O‘zbekiston OTMlaridagi talabalar so‘rovnomasida aynan mart-aprel oylarida uyqusizlik, charchoq va xavotir holatlari eng ko‘p qayd etilgan.
Talabadagi stress faqat imtihonlar yoki topshiriqlar bilan bog‘liq emas. Uning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin.
1. Oliy o‘quv yurtlaridagi reyting tizimi talabani doimiy musobaqaga undaydi.
2. Moliyaviy muammolar. Kontrakt to‘lovi, ijara xarajatlari va kunlik ehtiyojlar.
3. Vaqtni boshqarishdagi qiyinchiliklar. Darslar, ish, oilaviy majburiyatlar va shaxsiy hayotni uyg‘unlashtirish.
4. Ijtimoiy tarmoq bosimi. Boshqa tengdoshlar bilan o‘zini solishtirish natijasida ruhiy tushkunlik kuchayishi mumkin.
Psixologlar talabalarga quyidagi amaliy yechimlarni tavsiya etmoqda.
1. Rejalashtirish. Haftalik va kundalik jadval tuzish yordam beradi.
2. Sport va jismoniy faollik. Stressni kamaytiruvchi eng samarali vositalardan biri.
3. Uyqu va ovqatlanish rejimi. Kamida 7-8 soatlik uyqu, balanslangan ovqatlanish stressni kamaytirishga yordam beradi.
Talabalik stressi ta’lim tizimining ajralmas qismi. Bu mutlaqo normal holat. Ammo unga qarshi turish va ruhiyatni yaxshilash juda muhim.Yuqoridagi tavsiyalarga amal qiling va o‘zingizni yaxshilashdan to‘xtamang!