11:43, Iyul 29, 2025
/
295

Imtihon natijalarini kutayotganlar uchun!

“O‘qishga kirdimmi yo‘qmi?” degan savollardan charchadingizmi? Hozirgi holatingizni yaxshi tushunamiz. Imtihon o‘tdi, yo‘nalish tanladingiz va ko‘pchilik uchun eng qiyin ish — kutish boshlandi. Ko‘nglingizda esa ming xil savol, hayajon va qo‘rquv aralashib ketganda vaqt ham o‘tmayotgandek tuyiladi kamiga.

Bunday paytda ko‘chada vaqt o‘tkazay desangiz havo issiqlik qilyapti, kitob o‘qish esa yuragingizga sig‘mayaptimi?! Siz uchun ajoyib yechim — ayni vaqtda sizga yordam beradigan, bu holatni boshdan kechirgan qahramonlar haqida filmlar bor. “Avlod media” quyidagi ro‘yxatga xalqaro mukofotlarga ega, millionlab muxlislar e‘tirof etgan filmlarni jamladi. Ular minglab insonlarga to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam bergan.

Shu sababli, quyidagi 12 ta filmni aynan sizga tavsiya qilamiz – ular sizni ruhlantiradi, umid beradi va eslatadi: hali hammasi oldinda!

Ishoning bunday vaqtda o‘nlab telegram kanallardan kelayotgan har xil xabarlarni kuzatish yordam bermaydi. Avlod mediaga obuna bo‘lgan bo‘lsangiz ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, barcha yangiliklardan eng birinchilardan bo‘lib xabar topasiz.

Bu filmlarni ko‘rganingizdan so‘ng ortiq hozirgi “siz” bo’lmaysiz. Ular sizning fikrlashingizni tubdan o’zgartirib yuboradi. Vaqtingizni oluvchi “film”larni ko’rishni bas qiling. Ushbu ro’yxatdagi har bir film yoshlarga ayni vaqtda kerak bo’lgan yechimlarni taqdim etadi. Eng saralarini sizga ilindik, siz ham do’stingizga ulashing!

 1.  Baxt izlab (The Pursuit of Happyness)

Bu film – hayot zarbalariga qaramay taslim bo‘lmaslik haqida. “Orzularga erishish oson emas, lekin imkonsiz ham emas” degan kuchli g‘oya bilan yuraklarga kirib borgan.
Film asosiy qahramoni – Kris Gardner, moliyaviy qiyinchiliklarda yashayotgan, uy-joysiz qolgan, lekin farzandini tarbiyalashni unutmaydigan otadir. U milliardlab insonlar ichidan o‘z orzusini quvib, hayotini o‘zgartirganlardan biri.

Filmda Kris o‘z hayoti, orzulari va o‘g‘lini yaxshi hayot bilan ta’minlash uchun qanday kurashganini ko‘rasiz. U o‘zining ishqibozligi, kuchli irodasi va sabr-bardoshi bilan eng og‘ir imtihon sinovlardan o‘tadi. Film hayotda orzular sari yurish yo‘lida qat’iyat, sadoqat va muhabbatning qanday kuch berishini ko‘rsatadi.

Mamlakati: AQSH
 Yili: 2006

 Janri: Biografik drama, motivatsion

2. Tafakkur o`yinlari (A Beautiful Mind)

Insonni alal oqibat muhabbat qutqaradi. Bu film hayotdan olinganligi uchun mashxur bo’lmagan. U har birimizning ichimizdagi yashirin janglarni ko’rsatish bilan bir qatorda, ularni yengib o’tish mumkinligini ham isbotlagan. Film sizga “haqiqiy go’zallik — aql yoki yuzda emas, yurakda” bo’lishini isbotlab beradi.

Mamlakati: AQSH
Yili: 2001
Janri: Biografik drama, ruhiy tahlil

 3. O‘lik shoirlar jamiyati (Dead Poets Society)

Bu film o‘z davrining eng kuchli dramalaridan biridir. Hikoya 1950-yillar Amerikasi, konservativ o‘rta maktabda ishlay boshlagan yangi adabiyot o‘qituvchisi — Jon Kitning atrofida aylanadi.

U an’anaviy ta’limga qarshi chiqib, o‘quvchilarga ijod, erkin fikr va o‘z ovozlarini topishni o‘rgatadi. U o‘quvchilarni o‘z orzulari yo‘lidan borishga undaydi, ular esa uning yondashuvidan ilhomlanib, hayotga boshqacha nigoh bilan qaray boshlaydi.

Film yoshlikdagi qo‘rquv, orzular, ota-onalarning bosimi, o‘zini topish yo‘lidagi izlanishlar, va hayotdagi chinakam erkinlik haqida hikoya qiladi. Unda har bir insonning yuragiga kiradigan, chuqur mazmun yotadi.

Mamlakati: AQSH
Yili: 1989
Janri: Drama, motivatsion

 4. Stiven Xoking koinoti (The Theory of Everything)

Atiga 2 yil umringiz qolganini bilsangiz nima qilgan bo’lardingiz? Sizga tavsiya qilinayotgan ushbu filmzamonaviy fizikaning eng buyuk daholaridan biri, Stiven Xokingning haqiqiy hayotiga asoslangan. U Oksford universitetida o‘qib yurganida koinot va vaqt sirlarini o‘rganishga kirishadi. Ammo 21 yoshida unga harakat tizimining kuchsizlanishiga olib keluvchi ALS (Lou Gehrig kasalligi) tashxisi qo‘yiladi. Shifokorlar unga atigi ikki yil umri qolganini aytishadi.

Shunday og‘ir paytda, u ilm yo‘lini ham, hayotdagi sevgisini — keyinchalik rafiqasiga aylangan Jeynni ham tashlab qo‘ymaydi. Aksincha, ichki kuch, mehr va qat’iyat bilan u nafaqat yashaydi, balki butun dunyoni ilhomlantiradigan kashfiyotlar qiladi.

Mamlakati: Buyuk Britaniya
 Yili: 2014
 Janri: Biografik drama, romantika, ilm-fan

Nega ko‘rish kerak?
Bu film bizga shuni eslatadi: tanamiz qamalda bo‘lsa ham, aqlimiz va ruhimiz uchib yuraveradi. Inson hayotdagi eng og‘ir tashxislarni, qiyinchiliklarni, nogironlikni ham qanday qilib jasorat bilan yengib o‘tishini ko‘rsatadi.

5. Zakovatli Uil Xanting (Good Will Hunting)

Bu film hayotda kamdan-kam uchraydigan iste’dodlar va ular orqasidagi ruhiy iztiroblar haqida. Uil Xanting — Bostonning oddiy ishchi tumanlaridan chiqqan yigit. U MITda tozalovchi bo‘lib ishlaydi, lekin aql-zakovati, matematikaga bo‘lgan g‘ayrioddiy iqtidori bilan ko‘pchilik olimlardan ham ustun.

Biroq, uning o’tmishi va ruhiy holati uni to‘siqlardan osha olmayotgan kishiga aylantiradi. Psixolog Shon bilan uchrashganidan so‘ng, Uil asta-sekin o‘zini va hayotni chuqurroq anglay boshlaydi.

Nega ko‘rish kerak?
Bu film nafaqat aql va zakovat, balki o‘zini anglash, kechirim, mehr va ichki kurash haqida ham. Film sizni ichki hissiyotlarga yetaklaydi, hayotingizda duch kelgan ruhiy to‘siqlarni qanday yengish mumkinligini ko‘rsatadi.

Uil va Shon o‘rtasidagi suhbat-u tortishuvlar — filmning yurakni larzaga soluvchi asosi. Har bir inson ichida yashirin iste’dod, dard va orzu borligini eslatadi. Dialoglar, aktyorlik mahorati (ayniqsa, Robin Uilyams) va hayotiy mavzular filmga chuqur ta’sirchanlik baxsh etgan.

Mamlakati: AQSh
 Yili: 1997
 Janri: Drama, psixologik, motivatsion

 6.  Xarobadan chiqqan milloner (Slumdog Millionaire)

Har bir insonning ichida million dollardan qimmatli orzu yashirin bo‘ladi. “Xarobadan chiqqan millioner” filmi — mashaqqat, ishonch va muhabbat kuchi haqida. Bombey ko‘chalarida ulg‘aygan bechorahol yigit Jamal Malik televizordagi “Kim millioner bo‘lmoqchi?” dasturida g‘alaba sari qadam tashlaydi. Biroq hech kim uning bu savollarga qanday qilib to‘g‘ri javob berganiga ishonmaydi. Uni aldashda gumon qilishadi.

Film davomida tomoshabin Jamalning har bir savolga qanday hayotiy tajriba asosida javob berganini ko‘radi. Uning hayoti, bolalikdagi og‘ir sinovlari, akasi bilan bo‘lgan munosabatlari, va albatta — sevgilisi Latika bilan bog‘liq voqealar butun filmni yuraklarga tatib turgan muhabbat va umidga to‘ldiradi. Film 8 ta Oscar olgan. “Xarobadan chiqqan millioner” ni ko`rganingizdan keyin dunyoqarashingiz o`zgarib ketishi aniq.

Mamlakati: Hindiston — Buyuk Britaniya
 Yili: 2008
 Janri: Drama, romantika

7. Qat’iyat/ Ta’qib qilish (Whiplash)

“Zo‘r bo‘lish uchun odam nimalarga tayyor?” — bu film aynan shu savolni ko‘ndalang qo‘yadi.

“Whiplash” — bu kuchli iroda, jaz musiqasi, ustoz va shogird o‘rtasidagi kuchli kurash haqida o‘zgacha hikoya. Film bosh qahramoni — Endryu Neyman, dunyodagi eng yaxshi barabanchi bo‘lishni orzu qiladigan iste’dodli, ammo uyatchang yigit. U taniqli, ammo shafqatsiz dirijyor Terrens Fletcherning jazz orkestriga qo’shiladi.

Fletcher talabalardan faqat mukammallikni talab qiladi — baqiriq, psixologik bosim, hatto jismoniy charchoq ham unga to‘siq emas. Bu munosabatlar Endryuni haddan ortiq mehnat qilishga majbur qiladi, hatto o‘z sog‘ligi, munosabatlari va hissiyotlarini yo‘qotish darajasiga olib keladi. Ammo natijada nima yuz beradi? Filmni ko‘rsangiz bu savolga va nega 3 ta Oscar mukofoti olganiga javob topasiz.

Mamlakati: AQSh
Yili: 2014
Janri: Drama, psixologik triller, musiqiy

 8 Yo‘qolgan bola / Sher ( Lion)

Mamlakati: Avstraliya-Hindiston
 Yili: 2016
 Janri:biografik drama

Filmning asosida bir bolaning boshdan kechirgan haqiqiy fojeasi va g‘alabasi yotibdi. Bu fantastika emas — bu hayotning o‘zi. Shu bois, film sizni o‘ylantiradi, hayajonga soladi, ko‘zlaringizni yoshga to‘ldiradi va oxirida umid beradi. Film davomida bor hissiyotlaringiz bilan yashaysiz.

 9. Zakovat egalari (Hidden Figures)

NASA’da ishlagan qora tanli ayollarning kurashi haqidagi film. 1960-yilda qora tanli ayollar o`z ilmi bilan adolatga erishishlari bu haqiqiy jasorat edi. Film nafaqat ayollarning ilm-fandagi o‘rnini, balki tenglik, inson qadri va jamoaviy mehnat kuchini ham ko‘rsatadi. “Zakovat egalari” — istagan odam, istagan joyda, agar yetarlicha ishtiyoq va qat’iyat bo‘lsa, o‘z orzusiga yetishi mumkinligini isbotlaydi.

Mamlakati: AQSh
 Yili: 2016
 Janri: Tarixiy drama, biografiya, motivatsion

10. Super 30

Faqat puli borlar o‘qiydimi?  “Super 30” — haqiqiy voqealarga asoslangan, ijtimoiy tengsizlik va ta’lim orqali o‘zgarishga chorlovchi kuchli motivatsion film. Film markazida — Anand Kumar ismli matematik daho ustoz turadi. U kambag‘al, ammo iqtidorli bolalarni tanlab, ularga Hindistonning eng obro‘li muhandislik universitetlariga (IIT) kirish uchun bepul tayyorgarlik kursini ochadi.

Anand o‘zining qulay hayotidan, yuqori haq to‘lanadigan ishidan voz kechadi va jamiyatda chetda qolgan, imkoniyatlardan mahrum yoshlar taqdirini o‘zgartirishga bel bog‘laydi. Film davomida u ko‘plab to‘siqlarga, bosim va tahdidlarga duch keladi, lekin har bir bolaga ishongan holda, orzular sari yo‘l ochadi.

 Mamlakati: Hindiston
 Yili: 2019
 Janri: Drama, biografik, motivatsion

 11. Hiqqichoq (Hichki)

Duduq ustoz va tarbiyasi og‘ir bolalar haqida o‘zgacha hikoya. “Gapira olmasang, yuraging bilan gapir.” — bu so‘z inson qalbining qudratidan dalolat. “Hichki” filmi o‘zining nodir mavzusi bilan ko‘pchilik yuragiga yo‘l topgan. Film bosh qahramoni — Naina Mathur, o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan ayol. U Tourette sindromi bilan yashaydi — bu kasallik odamda hiqqichoq tarzidagi to‘satdan ovoz chiqarish yoki harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Shunga qaramay, Naina o‘z orzusidan voz kechmaydi.

U maktabda ish boshlaydi, ammo unga berilgan sinf – intizomsiz, kambag‘al oilalardan chiqqan, “muammo tug‘diruvchi” o‘quvchilardan iborat bo‘ladi. Ko‘pchilik bu sinfdan voz kechgan, lekin Naina ularga ishonadi va ularning ichki kuchini ochib beradi.

Mamlakati: Hindiston

 Yili: 2018

 Janri: Drama, melodrama,mativatsion

12. Salom, New York

«Salom, New York» — orzulari ketidan AQShga kelgan yigit haqida hikoya qiluvchi film. U Nyu-Yorkda yangi hayot boshlashga harakat qiladi, biroq muammolar, hayratlar va kutilmagan voqealar uning yo‘lini to‘sadi. Film hayotiy, qiziqarli va ilhomlantiruvchi.

Mamlakati: Qirg‘iziston

Yili: 2013

Janri: Drama, melodrama, komediya

Fikrlar (0)
Avval yangilari