Grantlarni qayta taqsimlash haqida bularni bilishingiz kerak!

Rasman joriy yildan boshlab har bir o‘quv yilida talabalar davlat oligohlarida grant o‘rinlari uchun kurashadilar. Belgilangan yangi tartib haqida talabalarni qiziqtirgan barcha savolalrga “Avlod media” javob beradi.
Bu tartib kimlarga taalluqli?
2024-2025-o‘quv yilida bakalavr va magistratura bosqichiga qabul qilingan talabalar uchun amal qiladi. Bundan avvalgi yillarda o‘qishga qabul qilingan yuqori kurs talabalariga tadbiq etilmaydi. Ular oldingi shartlar asosida o‘qishni davom ettiradilar.
Magistratura talabalari uchun ham amal qiladimi?
Ha, magistraturaga 2024-2025-o‘quv yilidan 1-kursga qabul qilingan uchun ham grantlar har yili qayta taqsimlanadi.
Quyidagi holatlar bundan mustasno:
Magistraturada tahsil olayotgan qizlar – kontrakti davlat tomonidan qoplanadi.
To‘liq davlat granti asosidagi mutaxassisliklar – tartib qo‘llanilmaydi.
1 yillik magistratura dasturlari – ushbu tartib tatbiq etilmaydi.
Imtiyozli grant asosida ta`lim olayotganlaruchun ham grant qayta taqsimlanadimi?
Imtiyoz asosida grantga kirgan talabalar (xalqaro olimpiada g‘oliblari, nogironligi bor abituriyentlar, organ xodimlari farzandlari, tavsiyanoma olgan xotin-qizlar va h.k.) uchun bu tartib amal qilmaydi.
Ularga 4 yil davomida grant kafolatlanadi, o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar.
Maqsadli qabul asosida o‘qiyotganlar-chi?
Maqsadli qabul orqali grantga ega bo‘lgan talabalar ham to‘rt yil davomida grant asosida o‘qishni davom ettiradi, ularga qayta taqsimlash tadbiq etilmaydi.
Bir marta grant miqdoridan ayrilgan talaba yana da’vogar bo‘la oladimi?
Ha, GPA 3,5 va undan yuqori bo‘lsa, keyingi yili yana grantga da’vogarlik qilish mumkin.
Grantlarni qayta taqsimlash uchun ariza topshirish shartmi?
Ha, agar granrtda o‘qish istagi bo‘lsa ariza topshirish kerak. Misol uchun, talaba grant asosida tahsil oladi va uning akademik hamda ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlari yuqori, qisqacha aytganda, keyingi yilda ham grantda o‘qishiga ishonchi komil bo‘lsa ham grantni qayta taqsimlash uchun ariza topshirishi shart.
Qanday vaziyatda talabalar grantga davogarlik qila olishmaydi?
O‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha muayyan o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan past bo‘lgan talabalarning ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.
Grant taqsimlanishida baholash haqida?
Baholash mezonlari:
1. Akademik o‘zlashtirish — maksimum 80 ball
GPA ko‘rsatkichi 16 ga ko‘paytiriladi. Masalan, agar GPA 3.8 bo‘lsa: 3.8 × 16 = 60.8 ball.
2. Ijtimoiy faollik — maksimum 20 ball
Talabaning quyidagi faoliyatlari maxsus komissiya tomonidan ball tizimida baholanadi (jami 100 ballik mezon asosida, 5 ga bo‘linadi) Masalan, talaba quyidagi ko‘rsatkichlar asosida 70 ball yig‘gan bo‘lsa 70 : 5 = 14
| T/r | Ko‘rsatkichlar | Ball |
| 1. | Kitobxonlik madaniyati | 0 — 20 |
| 2. | “5 muhim tashabbus” doirasidagi to‘garaklarda faol ishtiroki | 0 — 20 |
| 3. | Talabaning akademik o‘zlashtirishi | 0 — 10 |
| 4. | Talabaning oliy ta’lim tashkilotining ichki tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksiga rioya etishi | 0 — 5 |
| 5. | Xalqaro, Respublika, viloyat miqyosidagi ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari | 0 — 10 |
| 6. | Talabaning darslarga to‘liq va kechikmasdan kelishi | 0 — 5 |
| 7. | Talabalarning “Ma’rifat darslari”dagi faol ishtiroki | 0 — 10 |
| 8. | Volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi | 0 — 5 |
| 9. | Teatr va muzey, xiyobon, kino, tarixiy qadamjolarga tashriflar | 0 — 5 |
| 10. | Talabalarning sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi | 0 — 5 |
| 11. | Ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid boshqa yo‘nalishlardagi faolligi | 0 — 5 |
| Jami ball: | 100 | |
Jarayon bosqichlari tartibi qanday?
Grantlar 6 bosqichda qayta taqsimlanadi:
1. Talaba ro‘yxatdan o‘tadi
2. Akademik va ijtimoiy faollik baholanadi
3. Natijalar komissiyaga topshiriladi
4. Maxsus komissiya natijalarni shakllantiradi
5. Kengash qarori qabul qilinadi
6. Natijalar 25-avgustgacha e’lon qilinadi
Agar ikki yoki undan ortiq talaba bir xil ball to‘plasa nima bo’ladi?
1)Avval GPA ustunlik qiladi
2)Agar GPA ham teng bo‘lsa, mutaxassislik fanlaridan test sinovi o‘tkaziladi.
Yakuniy natijalar qachon e’lon qilinadi?
Qarorga asosan Oliy ta’lim tashkiloti kengashi Maxsus komissiya tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat va unga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, har yili 20-avgustga qadar ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Natijadan norozi talaba appelyatsiya berishi mumkinmi?
Albatta, ta’lim grantini qayta taqsimlash jarayonlaridan norozi bo‘lgan talabgorlar uchun har bir ko‘rsatkich bo‘yicha natijalar e’lon qilingandan so‘ng 48 soat davomida oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali apellyatsiya berish imkoniyati yaratiladi. Appelyatsiya arizalari 3 kun mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Ushbu jarayonlarda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. Barcha jarayonlar shaffof va haqqoniy bo‘lishidan umidvor bo‘lgan holda barcha talabgor talabalarga omad tilaymiz. Grantlarni qayta taqsimlash bo’yicha yangiliklardan eng birinchi bo‘lib “Avlod media” orqali xabardor bo‘ling.