07:42, Avgust 7, 2025
/
275

Pora mavsumi yana avjida

pora mavsumi

Pora berish ham, olish ham Ozbekistonda qadriyatga aylanganmi? Pora mavsumi yana avjida
Bu yil 732 ming 411 nafar abituriyent o‘qishga kirish maqsadida testlarda ishtirok etdi. Shuni aytish kerakki, bugungi avlod yoshlarida o‘qishga ishtiyoq har yili ortyapti va oliy ta’lim muassasalariga kirish ham ancha osonlashgan. Masalan, 10 yil avval talaba bo‘lish uchun faqat testlarda yaxshi natija ko‘rsatishning o‘zi kamlik qilgan. Ya’ni tanish-bilish bo‘lmasa, yaxshigina pul tikilmasa, oliygoh talabasi bo‘lish biroz qiyinlashardi. Hozirchi? Hozir bilim bo‘lsa bo‘ldi — “xohlagan oliygohingni tanlab o‘qi. Bordi-yu biliming yetmasa va puling bo‘lsa, unda ham mayli, to‘g‘ri yo‘l bilan super-kontraktda o‘qi” – deyilyapti. Lekin baribir bizda hali ham bolasini “pul” bilan o‘qishga joylashtirishni eng to‘g‘ri yo‘l deb biladiganlar bor. Masalan, oxirgi ikki haftada ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan aynan o‘qishga kirishdagi korrupsion holatlar haqidagi xabarlarni ko‘rib chiqaylik:

Toshkent va Namanganda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilganlar ushlandi.
Fuqaro O‘zbekiston Davlat Xoreografiya akademiyasiga kirish uchun o‘tkaziladigan ijodiy imtihondan yuqori ball olib berib, davlat granti asosida o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkentda pora evaziga o‘qishga kiritib qo‘yish 48 mln so‘mga “baholandi”

Toshkentdagi nodavlat OTMning tibbiyot yo‘nalishiga 3-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yish va’da qilinib, pora olingan. Naqd: 48 mln so‘m. Yana bir shunga o‘xshash holatda esa Toshkent Davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kiritish evaziga 13 ming dollar olgan shaxs ushlangan.

Ishtahasi ochilgan “shovvoz” uch kishini o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Bu vaziyatda esa fuqaro qo‘shni mamlakatdan soxta hujjatlar orqali 3 kishini Qashqadaryodagi Axborot texnologiyalari va menejment universitetiga 3-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Buning evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Buxoro viloyatida “hojatbarorlar” ushlandi.

Buxoro Pedagogika institutida o‘qituvchi vazifasida ishlagan shaxs, ushbu institutga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 500 AQSh dollari talab qilgan.

Bu xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bir nechtasi xolos, hatto tarmoqlargacha yetib kelmaganlari qancha. Afsuski, bizda bu boradagi aniq statistika mavjud emas.
To‘g‘ri, aynan o‘qishga kirishda, uni ko’chirishda, umuman oliy ta’limda korrupsiya bilan bog‘liq holatlar sezilarli kamaygan, lekin yo‘q bo‘lib ketmadi ham. Aholida esa “soqqasini bermasa hech qanday ishni hal qilib bo‘lmaydi” degan fikr hamma sohada hali ham mavjud. Yoki qing‘ir yo‘l bilan bo‘lsa ham ko‘zlaganiga yetish kerak degan “kir” fikr shakllangan ba’zilarda.

Kimdir aytishi mumkin: “Nima qilibdi, eplagan bo‘lsa, yaxshiku, qaddini ursin, omadini bersin”, — deb. Lekin aynan oliy ta’limdagi bitta korrupsion holat sabab jamiyatda ishonchsizlik, tengsizlik va adolatsizlik, ta’lim sifatida buzilishlar yuzaga keladi. Chunki bugun pora bilan o‘qishga kirib olgan talaba, ertaga dars jarayoniga vijdonan yondashishiga ishonish qiyin.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo’ng’irotboy Sharipov esa chiqishlaridan birida oliy ta’limdagi xodimlarga:
Sizlardan bilim va tarbiya berishni kutamiz, jinoyat emas”, — dedi va korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda ekanini bildirdi.

Bilimli va halol avlod yoshlari yetishib chiqishiga, hammasini pul bilan hal etishdan ko‘ra adolat, rostgo‘ylik, to‘g‘rilik kabi tushunchalarni singdirib katta qilish ko‘proq yordam beradi. Korrupsiyaning ko‘payishiga baribir beruvchilar oluvchilardan ko‘ra ko‘proq sababchi. Har qanday ishda yechimni doim poradan qidirish hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari