O‘zbekistonlik talabalar Rossiyaga yuborilayotgani haqidagi xabarga raddiya bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat stomatalogiya instituti talabalari harbiy harakatlar hududiga yuborilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Vaziyatga nisbatan Toshkent davlat tibbiyot universiteti raddiya bilan chiqdi. Ammo bu ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda.
Universitet matbuot xizmati bergan izohda tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va yolg‘on ekani aytilgan. Ammo tarmoqda talabalarning prezidentga yo‘llagan video murojaatini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari universitet bergan rasmiy raddiyaning o‘zida “Mazkur holatda tilga olinayotgan barcha talabalar hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturiga o‘qishga qabul qilingan. Bu dasturga ko‘ra, ular o‘z o‘qishlarini xorijdagi hamkor oliy ta’lim muassasasida davom ettirishlari shart hisoblanadi (VMQ-421, 06.07.2021y.). Har bir talabalar bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, unga muvofiq ular 4 va 5-kursni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida (PIMU) o‘qib tugatish majburiyatini olganlar” deyilgan. Shunday ekan talabalar Rossiya davlatiga yuborilayotgani, borib o‘qishga majbur ekani yolg‘on ma’lumot emas.
Universitet va yuborilayotgani aytilgan talabalar orasidagi shartnomaga to‘xtalsak.
Har qanday universitet talaba o‘qishga qabul qilinganida u bilan shartnoma tuzadi. E’tiroz bildirayotganlar esa hozirda 5- kursga o‘tgan. Bu ikki tomonlama shartnoma bundan 5 yil oldin imzolanganini ko‘rsatadi. Ammo 5 yil avval Rossiya va Ukraina orasidagi vaziyat tinch edi. Shuning uchun shartnomaga nisbatan e’tirozlar endi kelib chiqyapti.
Universitet rasmiy xabarida Nijniy Novgorod shahri haqida tarqatilgan “harbiy holat e’lon qilingan hudud” degan ma’lumot asossiz ekani aytilgan. Federatsiyasining mazkur hududida rasmiy tartibda harbiy holat e’lon qilinmagani va shaharda oliy ta’lim muassasalari joylashgani ta’kidlangan. Ammo bu talabar hayotini savol ostida qoldirishdek gap. Chunki Rossiya va Ukraina orasida bu shaharga hujum qilmaslik haqida hech qanday kelishuv mavjud emas. Bu esa dron xujumlari va boshqa harakatlar ehtimolini kamaytirmaydi. Shuning uchun talabalar va ularning ota-onalari xavotirga tushishi tabiiy.
Mantiqqa tayansak, odatda urush xavfi bor bo’lgan va to‘liq tinch holatda bo‘lmagan mamlakatlardan chet el fuqorolari vatanga qaytariladi. Ammo bu vaziyatda ular bila turib jo‘natilayotgandek. Talabar Federatsiyaga borishdan bosh tortsa, akademik ta’tilga chiqishga yoki o‘qishni tashlashga majbur bo‘lmoqda. Holatga shunchaki befarq qaralishi kerak emas. Axir doim takrorlaydiganimiz, kelajak avlod haqida gap ketmoqda.