Super-kontrakt qanday hisoblanadi?

Mandat chiqishi bilan juda ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol super-kontrakt masalasida bo‘ladi. Bu narx qancha bo‘lishini mustaqil hisoblash mumkin. Avlod media batafsil tushuntiradi.
Eng avvalo bir narsani yodda tuting, super-kontraktning eng aniq miqdorini faqat va faqat o‘zingiz hujjat topshirgan OTM qabul komissiyasi orqali bilishingiz mumkin. Chunki OTMlar mustaqil narx belgilay oladi va davlat shunchaki minimum miqdorini tasdiqlaydi xolos.
Endi minimum miqdorlar haqida.
Super-kontrakt narxi kunduzgi ta’lim shaklida stipendiyasiz to‘lov-kontrakt miqdoridan hisoblanadi (sirtqi va kechkida shundoq ham stipendiya yo‘q). Demak, siz topshirgan universitet belgilagan kontrakt summasini super-kontrakt barobariga ko‘paytirishingiz kerak.
Shuningdek, 3 ta toifadan qaysi biriga taalluqli ekanligingizni ham aniqlab olishingiz kerak.
1-toifa: kirish chizig‘iga 4 ballgacha yetmay qolgan abituriyentlar.
Bunda quyidagi shkala amal qiladi
1 ballgacha yetmasa – 1,5 barobar;
1,1 balldan 2 ballgacha yetmasa – 2 barobar;
2,1 balldan 3 ballgacha yetmasa – 2,5 barobar;
3,1 balldan 4 ballgacha yetmasa – 3 barobar.
Masalan, matematika yo‘nalishida 1,5 ball yetmay qoldi deylik. Bunday vaziyatda o‘sha abituriyent 2 barobar to‘laydi. Buning uchun matematika yo‘nalishida minimum kontrakt narxini olamiz 7 400 000 so‘m. Demak, matematika yo‘nalishiga 1,5 ball yetmay qolgan abituriyent 14 mln 800 ming so‘m super-kontrakt to‘laydi (2 x 7.400.000).
2-toifa: kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmay qolgan va o‘zi 56,7 dan ko‘p ball to‘plaganlar.
Bunday abituriyentlar super-kontrakt uchun yo‘nalishiga qarab oddiy kontraktning minimum 10, 15, 20, 25 barobarini to‘laydi.
Masalan, iqtisod yo‘nalishiga kirish bali 150 ball bo‘ldi deylik. Abituriyent 70 ball to‘pladi. Demak, unga 4 balldan ortiq yetmay qolgan, o‘zi ham 56,7 balldan ko‘proq to‘plagan. Iqtisod yo‘nalishiga minimum super-kontrakt 15 barobar etib belgilangan. Oddiy kontrakt esa 10 500 000 so‘m.
Xulosa: iqtisod yo‘nalishi uchun super-kontrakt minimum 157 mln 500 ming so‘m (15 x 10.500.000).
3-toifa: 56,7 balldan kam to‘plaganlar.
Bunday abituriyentlar ham super-kontraktda o‘qishi mumkin, faqat kamida 2-toifadagilar to‘laydigan summaning 2 barobarini to‘lashadi. Masalan, abituriyent iqtisod yo‘nalishiga topshirib, 40 ball to‘plagan, ya’ni 56,7 balldan kam. Demak, u kamida 315 mln so‘m to‘lashi kerak (2 x 157 mln 500 ming).
Xullas, siz o‘zingiz to‘plagan ball asosida kamida qancha super-kontrakt to‘lashingizni bemalol o‘zingiz hisoblab ko‘rishingiz mumkin. Kontrakt narxlarini o‘tgan yilgi miqdorda hisoblasangiz boladi.
Aniq summani faqat OTM orqali bila olasiz. Super-kontraktni to‘lashning qolgan texnik va tashkiliy tomonlarini ham OTMlardan aniqlashtiring.