DTM abituriyentlar ma’lumotini sotyaptimi?

Har yili mandat natijalari chiqishi bilan abituriyentlar raqamiga sms xabarlar kelishni boshlaydi. “Tabriklaymiz! Talaba boʻldingiz”. Lekin bu xabarni olganlarning koʻp qismi imtihonda yetarli ball to‘play olmagan va davlat universitetlariga qabul qilinmagan bo‘ladi. Tushunganingizdek xabarlar xususiy universitetlardan yuboriladi. “Ho‘p nima qilibdi yuborilsa” deyayotgan bo‘lishingiz mumkin, lekin abituriyentlar raqami shaxsiy ma’lumot hisoblanadi. Bu ma’lumot esa faqatgina DTM bazasida mavjud. Chunki ro‘yxatdan o‘tish uchun mobil raqam kiritilishi kerak. Shaxsga tegishli ma’lumotlarini uning ruxsatsiz tarqatish esa qonunan taqiqlangan. Har yili tug‘uladigan savol bu yil ham paydo bo‘lmoqda. DTM abituriyent ma’lumotini sotyaptimi?

Bizning telegram messenjerimizga abituriyentlardan kelgan xabarlar bor. Unda bir abituriyent Toshkent axborot texnalogiyalari universitetining sun’iy intellekt yo‘nalishiga kontrakt asosida qabul qilingan. Mandat natijalari chiqishining ertasi kuni unga xabar kelgan, havoladan o‘tishi bilan shartnoma yuborilgan. Ammo shartnomada TATU emas “University of sciense and technologies” ning tarix fakultetiga qabul qilingani ko‘rsatilgan. Bunday xabarlar aynan abituriyentlarga borayotgani shubhalarni ko‘paytiradi. Avlod media ushbu universitet bilan bog‘landi. Ammo birinchi qong‘iroqda maqsadimiz ochiqlanishi bilan qizil tugma bosildi. Keyingi aloqaga chiqqanimizda esa bu texnik nosozlik ekani va savolimizga javobni aniqlashtirib qayta chiqishlarini aytishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlariga nisbatan qilingan har qanday tajovuzlar uchun qonunchilikda jazo belgilangan. Unga koʻra, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, saqlash, o‘zgartirish, shuningdek ulardan foydalanish, tarqatish va yo‘q qilish kabi harakatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik kodeksining 46-2-moddasida javobgarlik belgilangan. Shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda, davlat reyestrida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash bazalarida fuqarolarga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik:
- fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (2 mln 380 ming soʻm),
- mansabdor shaxslarga esa — 50 baravari (17 mln soʻm) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ammo soʻngi yillarda mandat natijalari chiqishi bilan raqamlar tarqatib yuborilganiga oddiy qaralayotgandek. Holat yuzasidan rasmiy izoh va tushuntirish kutamiz.