Yangi talabaning yo‘l xaritasi: 10 ta xato va 7 ta muhim qoida

Oliygohga birinchi bosqichga qabul qilingan har bir talabada tabiiyki, kuchli hayajon, qo‘rquv va ikkilanishlar bo‘ladi. Nimadan boshlay, nima qilsam to‘g‘ri bo‘ladi, bu yog‘iga qanday davom ettirish kerak, degan fikrlar har bir avlodning yangi talabasini bir bor bo‘lsa ham o‘ylantirsa kerak. Albatta, hammasini doim eng to‘g‘risini qilish imkonsiz, ammo ushbu maqolada berilgan tavsiyalar orqali oliy ta’limning ilk yilida deyarli barcha talaba duch keladigan qiyinchilik va xatolarni oz bo‘lsa-da tushunib, takrorlamasligingiz mumkin. Keling, siz bilan yangi talabalar ichida eng keng tarqalgan 10 ta xato va unga yechimlarini ko‘rib chiqamiz. Maqola so‘ngida esa “Yangilar” bilishi zarur bo‘lgan qoidalarga ham to‘xtalamiz.
1-kurs talabalari qiladigan xato:
1. “Men hammasini bilaman” degan noto‘g‘ri ishonch.
Bu ikki xil holatda siz uchun salbiy bo‘lishi mumkin. Birinchi holatda talaba “hammasini bilaman” degan fikr bilan ustozlarni mensimaslik, ko‘p gapirish yoki haddan ortiq takabburlikka yo‘l qo‘yadi. Bu esa talabani hali tanishishga ham ulgurmagan guruhdoshlari hayolida salbiy fikr shakllantirishi, hatto nafrat uyg‘otishi mumkin. Shundan so‘ng qarabsizki, talaba yolg‘izlanishni boshlaydi. Bu esa darslar sifati va muloqotga kirishishga halaqit beradi. Yo bo‘lmasa, talabadagi “hammasini bilaman”, “hammasini o‘zim qilaman” degan ishonch orqali noto‘g‘ri harakatlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Universitetga ilk kelganda ko‘proq yordam so‘rash, maslahat olish va ba’zi narsalarni bilmaslikning yomon joyi yo‘q.
2. Darslarni e’tiborsiz qabul qilish
“Hali boshlanishi-ku” deb o‘ylab, ilk darslarni o‘tkazib yuborish — katta xato bo‘ladi. Darslarning ilk kunidan unga mas’uliyat bilan qarash va talaba o‘zini o‘rgatib borishi zarur. Garchi ustoz ma’qul kelmagan yoki zerikarli ma’ruza bo‘lgan taqdirda ham, darsni tinglab, nimadir o‘rganishga harakat qilish lozim. Hech bo‘lmaganda o‘qituvchi qilayotgan xatolarni qaytarmaslikni.
3. Vaqtni boshqara olmaslik
Bizda o‘g‘il bolalar ham, qizlar ham asosan o‘qishga kirganidan keyin mustaqil hayot boshlaydi. Bu esa talabani dovdiratib qo‘yishi mumkin. Yaqinlardan uzoqda va turli qiyinchiliklarga duch kelish, vaqtni va resurslarni to‘g‘ri taqsimlay olmaslik mumkin. Chunki o‘qish, uxlash, dam olish, TTJda navbat kutish — barchasi juda chalkashdek tuyuladi boshida. Yechim sifatida esa bloknot tutib ishlarni rejalash, yordam va maslahat so‘rashdan uyalmaslik, turli vaziyatlarga o‘zini tayyorlash kerak bo‘ladi. Qilish zarur bo‘lgan ishlar ro‘yxatini tuzib, kunni to‘g‘ri rejalashtirish va haftalik, oylik moddiy-ma’naviy holatingizni avvalroqdan tahlil qilib qo‘yish zarur.
4. Ijtimoiy hayotdan o‘zni ajratish
Uyatchanlik, yopiq xarakter, “men yolg‘iz o‘zimman” deyish — tanishmi? Ilk yillarda ba’zi talabalardagi kuchli tortinchoqlik va boshqalar bilan kirishib keta olmaslik ularni ko‘p narsalardan chetda hamda ortda qoldiradi. Kursdoshlar, ustozlar bilan ochiq bo‘lish,ko‘proq tanish orttirishga urunish zarur. O‘qish davomida ular sizga faqat yordam beradi.
5. Moliyaviy savodsizlik
Pulni birinchi oydayoq tugatish — juda keng tarqalgan holat. Mustaqillik degani — bu moliyaviy mustaqil bo‘lish ham demakdir. Moliyaviy mustaqillik esa faqat pul ishlab topishda emas, uni to‘g‘ri boshqara olishda hamdir. Yechim esa: o‘zingizga har oy uchun budjet ajrating, zarur xarajatlarni hisoblab, pulingizni aql bilan sarflashga o‘rganing. Keraksiz ortiqcha xaridlardan qoching, oy davomida moliyaviy mustaqilligingizni saqlab qolishga uruning.
6. Hujjatlar va universitet tizimini tushunmaslik
TTJ, kontrakt, stipendiya, dekanat bilan bog’liq ayrim atamalar chalkashtirib yuborishi mumkin. Tushunmaslik esa talabaga noqulayliklar va zarar olib kelishi aniq. Yechim uchun nima qilish kerak? O‘qiyotgan oliygohingiz maxsus guruh va kanallariga obuna bo‘lish, rasmiy manbalarni kuzatib borish hamda og‘zaki-yoki yozma ravishda so‘rashdan, savol berishdan uyalmaslik kerak.
7. Internet va telefonni haddan ortiq ishlatish
Bu odatni hozir nafaqat talabalarda, balki yetti yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan istalgan insonda bor desak ham bo‘ladi. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlar sizdan ko‘p narsangizni o‘g‘irlashi mumkin. Oliygohga nega kirganingizni unutmasligingiz va ekran vaqtiga cheklovlar o‘rnatishingiz juda muhim.
8. Sog‘liqni e’tiborsiz qoldirish
Uyqu yetishmasligi, noto‘g‘ri ovqatlanish va stress – 1-kurs “kombo”si desak ham bo‘ladi. Talabaga berilgan erkinlik unga zarar keltirmasligi zarur. Faqat darslarni deb ovqatlanish va uyquga yaxshi e’tibor bermaslik, tartibsiz yashash, o‘yin-kulguga berilish yoki umuman darslarga e’tiborsiz yondashish sizning sog‘ligingizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Talaba eng avval o‘zi va sog‘ligini unutmasligi lozim.
9. Faqat baholar ortidan quvish
Bilim emas, faqat “5” olish uchun o‘qish — bu eng yomon odat. Aslida baholar muhim emas, siz nima o‘rganganingiz muhim. Ammo aksariyat talabalar birinchi kursda bor e’tiborini o‘zini zo‘r ekanini ko‘rsatib qo‘yishga qaratadi. Ya’ni, hamma fanlarda olingan “5” baho muhimdek. Lekin aslida unday emas. Asosiy maqsad — istalgan turdagi yangi bilim bo‘lsin.
10. Tajriba orttirishga kech kirishish
“Hali 1-kursmiz, keyinroq ishlaymiz” deyish — vaqtni yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Ilk dars kunidan boshlab talaba nimadir qilishga urunishi lozim. Agar u o‘zi o‘qishni boshlagan yo‘nalishda ish topa olsa va ishlasa, bu u uchun eng zo‘r bilim, ko‘nikma va yutuq bo‘ladi. Ishlay olmagan taqdiringizda ham sohangiz bo‘yicha rivojlanishga intilish kerak. Tadbirlar, konferensiyalar, volontyorlik ishlari va shu kabi loyihalarda ishtirok etish birinchidan sizga yangi ko‘nikmalar, tanishlar hamda kelajakda ish topishingizga poydevor vazifasini o‘taydi.
1-kurs talabasi uchun maxsus qoidalar quyidagilar:
1. Dekanat bilan yaxshi munosabatda bo‘ling.
U yerda ishlaydigan insonlar sizga yordam bera oladi, faqat siz do‘stona va hurmat bilan munosabatda bo‘lsangiz.
2. Guruhingizdagi faollar bilan yaqinroq bo’ling.
Har bir guruhda “hamma narsani biladigan” bir necha talaba bo‘ladi. Ularga yaqinroq bo‘ling. Bu foydali.
3. TTJ qoidalarini yaxshi biling.
TTJda yashash — bu o‘z navbatida katta mas’uliyat. Qoidalarni buzsangiz joydan ayrilishingiz mumkin. Yaxshisi, eng boshidan tartibga rioya qiling.
4. Talabalik davringizning qadriga yeting.
Guruh bilan sayohat, fakultet tadbiri, sport musobaqasi — bemani ishdek ko‘rinsa ham, keyinchalik eng qimmatli xotiralarga aylanadi. Bu kabi jamoaviy ishlarda imkon qadar faol bo‘ling.
5. “Yolg‘izlik” sizga hich narsa bermaydi faqat oladi.
1-kursdagi ilk oyida sizga do‘st topilmasa, keyin topishingiz juda qiyin bo‘ladi. Shuning uchun birinchi kundan hamma bilan tanishish va erkin bo‘lish zarar qilmaydi.
6. Hech kim siz uchun javob bermaydi. Buni yodingizdan chiqarmang.
Universitet maktab emas. Bu yerda hech kim eslatmaydi, nazorat qilmaydi. Faqat o‘zingiz harakat qilishingiz kerak.Ya’ni to‘liq mas’uliyat o‘z bo‘yningizda.
7. Xato qilishdan qo‘rqmang, shu bilan birga ularni tahlil qiling.
Xato — bu o‘sishingiz uchun bir qadam. Shunday ekan, undan qo‘rqish emas, xulosa olishingiz kerak.
Talabalarga oid eng yaxshi yangilik va foydali maqolalarni Avlod Media orqali kuzatib boring.